Agentlik manbalarining xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh yetakchisi Donald Tramp bilan sanksiyalarni yengillashtirish bo‘yicha qanday natijaga erishish mumkinligini sinab ko‘rmoqda.
Bloomberg suhbatdoshlarining aytishicha, Kremlning "o‘ylangan strategiyasi" doirasida Rossiya “Rosselxozbank”ni SWIFT xalqaro bank tizimiga qayta ulashni talab qilmoqda. Bu tizim Yevropa Ittifoqi nazoratida bo‘lib, Rossiya mazkur talabni Qora dengizdagi sulh muzokaralari doirasida ilgari surmoqda.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, Tramp ushbu jarayonga aralashishi va Yevropani ham unga qo‘shilishga ko‘ndirishi mumkinligi sinovdan o‘tkazilmoqda.
"SWIFT'da muvaffaqiyatga erishish butun sanksiya rejimi asta-sekin yumshatilishiga olib kelishi mumkin", deb yozadi agentlik o‘z manbalariga tayanib.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi rasmiylari avvalroq Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yengillashtirishdan bosh tortgan edi.