Rossiya prezidenti Vladimir Putin Madaniyat vazirligiga mamlakat kino prokatida xorijiy filmlar uchun kvotalar joriy etish bo‘yicha qarorni imkon qadar tezroq qabul qilishni topshirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ushbu masala yuzasidan hukumat a’zolari va kino sohasi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokamalar natijasida “kompromissga erishilgan” va tegishli protokol imzolangan.
«Men sizdan Vladimir Rostislavovich aytgan o‘sha kompromiss hujjatni imkon qadar tezroq amalda qo‘llashni so‘rayman», — dedi Vladimir Putin yig‘ilishda.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, kvotalarni joriy etishda “faqat mafkuraviy jihatni emas”, balki iqtisodiy manfaatlarni ham hisobga olish muhim. U misol sifatida Xitoyni keltirib, u yerda qat’iy kvota tizimi amal qilishini aytdi.
«Nega biz bunga befarqmiz? Ayrim mutlaqo keraksiz va mazmunsiz narsalarni mafkuraviy jihatdan ham o‘tkazyapmiz, moliyaviy jihatdan esa o‘z ishlab chiqaruvchimizni qo‘llab-quvvatlamayapmiz», — dedi Putin.
Avvalroq Rossiya kinematografistlar uyushmasi raisi Nikita Mixalkov Amerika filmlarini kvotalash va g‘arb filmlarini prokat qilish uchun 5 million rubl miqdorida badal joriy etishni taklif qilgan edi. Uning aytishicha, prezident topshirig‘ini amalga oshirish uchun bir hafta yetarli bo‘lishi mumkin.