Putin raketalarni sinash bilan shug‘ullanish o‘rniga urushni tugatsa yaxshi bo‘lardi — Donald Tramp.
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir kun avval e’lon qilgan “Burevestnik” yadroviy dvigatelli qanotli raketasi sinovlariga izoh berdi.
"Moskvadagilar Qo‘shma Shtatlarning “dunyodagi eng yaxshi” atom suvosti kemasi Rossiya sohillari yaqinida joylashganini yaxshi bilishadi. Shu sababli, AQShga sakkiz ming mil (12 ming kilometr) uchadigan raketa kerak emas", — dedi Oq uy rahbari.
"Ular biz bilan o‘yin o‘ynamaydi, biz ham ular bilan o‘ynamaymiz. Biz doim raketa sinovlarini o‘tkazamiz, lekin aytganimdek, bizda qudratli yadroviy suvosti kemasi bor. Putin raketa sinovi haqida aytgan gaplarini men o‘rinli deb hisoblamayman. U allaqachon tugashi kerak bo‘lgan, atigi bir hafta davom etishi kerak bo‘lgan, ammo to‘rt yildirki davom etayotgan urushni yakunlashi kerak edi. Putin ana shu masala bilan shug‘ullanishi kerak, raketalarni sinash bilan emas", — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti o‘z samolyotida jurnalistlarga bergan bayonotida.