Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniyaning eng yirik mudofaa konserni Rheinmetall rahbari Armin Pappergerga suiqasd qilish rejasining fosh bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘lishidan bir necha oy oldin uni nomini maxfiy uchrashuvda to‘rt marotaba tilga olgan. Bu haqda Focus Online nashri Germaniya Federal konstitusiyani himoya qilish boshqarmasidagi (BfV) yuqori martabali manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, Putin 2024 yil mart oyida Rostov-Don shahridagi "yopiq harbiy majmua"da Rossiya armiyasining yuqori martabali ofiserlari va GRU maxsus xizmatlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda Rheinmetall kompaniyasining Ukraina armiyasiga qurol yetkazib berishi hamda Ukrainada o‘q-dorilar ishlab chiqarish va tanklarni ta’mirlash zavodi qurish rejalari muhokama qilingan. Uchrashuv davomida Putin Pappergerni "prokavator va Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi shaxs" deb atagan.
Avvalroq NATO Rossiyaning Rheinmetall rahbarini o‘ldirishni rejalashtirganini, biroq AQSh va Germaniya razvedka xizmatlari bu fitnani fosh qilganini tasdiqlagan edi.