Bugun 3 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Putin Bishkekda Pezeshkian bilan uchrashuvda Eronni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Putin Bishkekda Pezeshkian bilan uchrashuvda Eronni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Bishkek shahrida Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian bilan uchrashuvda Moskva Eron xalqi bilan birdam ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.

Putin Rossiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar Keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida barcha sohalarda barqaror rivojlanayotganini ta’kidladi.

«Rossiya Eron xalqi bilan birdam. Biz milliy manfaatlaringiz uchun kurashdagi jasoratingiz va matonatingizga qoyil qolamiz», — dedi Putin.

Rossiya rahbari, shuningdek, Moskva iyun oyida Eron va AQSh o‘rtasida sulh to‘g‘risidagi memorandum imzolanishini olqishlaganini, ammo kelishuv «beqaror va juda mo‘rt» bo‘lib chiqqanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu davrda ham Eronga zarur yordam va ta’minotni yetkazib berishda davom etgan.

Putin harbiy-siyosiy vaziyatga qaramay, ikki davlat savdo-iqtisodiy hamkorlik sur’atini saqlab qolganini qayd etdi. U Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) va Eron o‘rtasidagi erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni muhim omil sifatida tilga oldi.

Rossiya prezidenti gumanitar hamkorlik ham kengayib borayotganini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, 2025–2026 o‘quv yilida Rossiyada tahsil olayotgan eronlik talabalar soni qariyb 10 ming nafarga yetadi. Ulardan 802 nafari Rossiya byudjeti hisobidan o‘qimoqda.

Pezeshkian esa Rossiya rahbariga mojarolar, urush va AQSh sanksiyalari davrida Eronni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Eron prezidenti Moskva Eronni BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda ham qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni «strategik» deb atadi.

Pezeshkian AQShning bir tomonlama siyosati va sanksiyalariga qarshi Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirish muhimligini qayd etdi. U Vashington xalqaro huquqni buzib, Eronga nisbatan tajovuzkor harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega emasligini bildirdi.

«Men g‘alaba qozonishimizga ishonaman, bunga aminman va, albatta, biz shu pozisiyada qat’iy turibmiz», — dedi Pezeshkian.

Kiritildi: 19:05 02.09.2026. O'qildi: 503 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!