Surxondaryo viloyati, Termiz tumanida yashovchi 22 yoshli A.R. murojaat qilib, o‘z arizasida “Telegram” messenjerida “noma’lum shaxs” tomonidan 1.300.000 so‘m miqdoridagi pullari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Jizzax viloyati, Jizzax shahrida yashovchi 19 yoshli I.I. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, I.I., A.R. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, unga “PUBG” onlayn o‘yinining kuchaytirilgan akkauntini sotishini aytgan va oldindan plastik kartasiga 1.300.000 pullarni o‘tkazib olib, kelishilgan akkauntni bermasdan, yozishmalarni o‘chirib yuborgan va uni qora ro‘yxatga kirgazib qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, I.I.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.