Jamoaviy sport turlari bo‘yicha “Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” musobaqalarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Davlat OTMlarida sport klublari tashkil qilish, ular o‘rtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar o‘tkazib borish ko‘zda tutilmoqda.
Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. “ERP Sport” elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi.
Taklifga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni “jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida belgilanadi. Jalb qilingan yoshlar soni hamda erishilgan natijalarga qarab, sport maktablari xodimlariga ustama beriladi.
Tizim maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va ta’lim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda to‘garaklar tashkil etgan trenerlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.