Bugun 24 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Prezident Erdo‘g‘an Trampning rejasida imkoniyat ko‘rdi

Prezident Erdo‘g‘an Trampning rejasida imkoniyat ko‘rdi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an AQShning Ukraina bo‘yicha 28 banddan iborat tinchlik rejasi tomonlar manfaatlarini inobatga olsa, muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Turkiya rahbari bu haqda Yohannesburgda o‘tgan «Yigirma guruhi» sammitida ishtirok etib qaytganidan so‘ng gapirdi.

«Bu reja bo‘yicha kelishuv mumkinmi? Ha, mumkin. Lekin qanday qilib? Shu masalaga e’tibor qaratish kerak», — dedi Erdo‘g‘an jurnalistlarga. U kelishuv faqatgina reja tomonlarning «qonuniy umid va xavfsizlik ehtiyojlarini yangi beqarorlik omillarini keltirib chiqarmasdan» ta’minlaganda amaliy tus olishini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Turkiya Ukrainada tinchlikka zamin yaratish uchun ancha vaqtdan beri harakat qilib kelayotganini va bu masalani AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bir necha bor muhokama qilganini qayd etdi. «Biz adolatli tinchlikning yutquzuvchilari bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Va adolatli tinchlikka erishish yo‘li muzokaralardan, tomonlar uchrashuvlaridan o‘tishini aniq deb bilamiz», — dedi Turkiya prezidenti.

Turkiya rahbari tomonlar kelishishi mumkin bo‘lgan masalalardan boshlab muzokaralarni yo‘lga qo‘yish va ijobiy kun tartibini shakllantirishga chaqirdi. «Biz tomonlar yagona fikrga ega bo‘lgan masalalardan boshlanadigan muzokaralar orqali kelishuvga erishish mumkin, deb hisoblaymiz», — dedi u.

«Hammaning ko‘nglidan chiqadigan asos yaratilsa, uzoq muddatli yechim uchun eshik ochiladi. Adolatli va barqaror tinchlikka yo‘l ochadigan takliflar bo‘yicha muzokaralarning boshlanishi jarayonga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — deya qo‘shimcha qildi Erdogan.

Turkiya prezidenti Anqaraning tinchlik jarayonida konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini ta’kidladi. «Qanday qilib Turkiya avval Istanbulda muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday konstruktiv pozisiyani davom ettirishga tayyormiz», — dedi u.

Amerikaning rejasi Ukraina Qurolli Kuchlari sonini 600 ming nafarga cheklashni, mamlakatning neytral maqomini Konstitusiyada mustahkamlashni va NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishni nazarda tutadi. Rejada, shuningdek, Qrim, Donesk va Luganskning de-fakto Rossiya hududi sifatida tan olinishi, Xerson va Zaporojega esa to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab «muzlatilgan maqom» berilishi ko‘zda tutilgan. Kiyev bu shartlarni qabul qilinmas va mamlakat suverenitetiga tahdid, deb hisoblaydi.

Kiritildi: Bugun 17:55. O'qildi: 315 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!