Bugungi kunda Byuroning poytaxt boshqarmasi ish yurituvida joriy yilning 1 chorak yakunlari bo‘yicha jami 27 787 ta aliment undiruvlariga oid ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan 1 936 ta ijro hujjatlari tamomlangan va tugatilgan.
ATB “Aloqa bank” tomonidan aliment oluvchilarning nomiga jami 21 292 ta plastik kartalar ochilgan bo‘lib, jami 40 mlrd. 447 mln. so‘m aliment pullari voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minoti uchun undirib berilgan.
Alimentga oid ijro ishlari bo‘yicha ijro harakatlari zamirida voyaga yetmagan farzandlarning hayoti, sog‘lig‘i, kelajagi mujassamdir.
Shu ma’noda Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi sahovat va ko‘mak doirasida imkon qadar muruvvatga shaylangan. Poytaxtimizdagi "Intermed Innovation" klinikasi tashabbusi bilan ikkinchi marotaba Byuroning poytaxt boshqarmasi hamkorlikda kam ta’minlangan aliment undiruvchilari hamda farzandlarining sog‘ligini tiklash, profilaktika qilish maqsadida 100 foiz bepul tibbiy ko‘rik xayriya tadbiri tashkil etildi.
Bugun tashabbuskor klinikaning markaziy binosida Byuroning barcha tuman bo‘limlari ish yurituvidagi aliment undiruvchilari ya’ni onalar va bolalari taklif qilinib, ularga e’tibor ko‘rsatildi.
Saxovat tadbirida 20 nafardan ziyod taklif qilinganlar klinika tomonidan 100 foiz bepul shifokor ko‘rigidan o‘tib, aniq ko‘rsatmalar asosida tashxislar topshirib, o‘zlariga kerakli maslahatlarni olishdi.
Shuningdek, voyaga yetmagan farzandlarining ham sog‘ligi yana bir bor tekshirildi. Tashabbuskor klinikaning ayollar va bolalariga qilingan ko‘magidan minnatdor bo‘lib, Byuroning rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.
Ularning sog‘lig‘ini tiklash va profilaktika qilish maqsadida ko‘rsatilgan ko‘mak ko‘ngillarni tog‘dek ko‘targanini ta’kidlab, tadbir so‘nggida tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdilar.
Saxovat va ko‘mak doirasidagi tadbirlar davom etadi.