Portugaliyaning 30 dan ortiq shahar va aholi punktlarida o‘n minglab kishi uy-joy narxlari va ijara haqining keskin oshishiga qarshi norozilik namoyishlarida ishtirok etdi.
Associated Press nashri xabar berishicha, namoyishlar uy-joy muammosiga e’tibor qaratish maqsadida tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, yurishlar «Uy-joyga bo‘lgan huquqimizni tortib olishlariga yo‘l qo‘ymaymiz» shiori ostida o‘tkazilgan. Yoshlar va nafaqaxo‘rlar ishtirok etgan aksiyalarda ijara haqi oshishini cheklash, ijarachilarni majburiy ko‘chirishdan huquqiy himoya qilishni kuchaytirish hamda arzon uy-joylar taklifini ko‘paytirish talab qilingan.
Ayrim faollar Lissabon va Portu shaharlarining markaziy maydonlarida chodirlar o‘rnatgan. Maxsus bo‘linma xodimlari xizmat itlari yordamida namoyishchilarning bir nechta guruhini tarqatgan. Bu esa kuch ishlatishning haddan tashqari qo‘llanilgani haqidagi ayblovlarga sabab bo‘lgan.
Associated Press ta’kidlashicha, Portugaliyada norozilik namoyishlari so‘nggi bir necha hafta davomida o‘tkazilmoqda. Ularga o‘tgan oy qo‘shni Ispaniyada uy-joy xarid qilish imkoniyati cheklangani sababli boshlangan namoyishlar turtki bo‘lgan.
Evrostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2015–2025 yillarda Portugaliyada uy-joy narxlarining aholi daromadlariga nisbati 61 foizga oshgan. Bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari, 2020 yildan buyon mamlakatda ijara haqi 68 foizga ko‘tarilgan.
Ko‘chmas mulk narxlarining oshishi, jumladan, xorijlik xaridorlar va investisiya fondlari faolligining ortishi, Portugaliyaning frilanserlar va nafaqaxo‘rlar orasida ommalashishi, shuningdek, turizm sohasi hamda qisqa muddatli ijara xizmatlarining rivojlanishi bilan bog‘lanmoqda.
Mamlakat hukumati uy-joy inqirozini hal qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni e’lon qilgan. Ular qatoriga yangi uy-joy qurilishi uchun soliqlarni kamaytirish, qisqa muddatli ijaraga cheklovlar joriy etish va 145 mingta uy qurish rejasi kiradi.
Shu bilan birga, hukumat mazkur chora-tadbirlarning natijalari darhol namoyon bo‘lmasligini tan olmoqda.