Ichki nazoratchi lavozimida ishlab kelgan erkak sud kursisida, uni bu manzilga kelib qolishiga nima sabab bo‘ldi?
Gap shundaki, sudlanuvchi erkak qimmatli qog‘ozlar bilan belgilangan tartibda brokerlik faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan beriladigan attestatni olishi kerak edi. Biroq u buning uchun tegishli tartibda suhbatdan va test sinovlaridan o‘tmay turib, attestatni qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. Niyatiga erishish uchun esa agentlikning bosh mutaxassisi bilan kelishib, undan o‘zi uchun belgilangan tartibda attestasiya sinovlariga kiritmasdan 1-darajali attestat berilishini, hamda u bilan birga ishlab kelayotgan va brokerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamkasblari uch nafariga
2-darajali attestatni rasmiylashtirib berishini so‘raydi. Buning evaziga 50 AQSh dollarini komissiya a’zolariga pora tariqasida berishini kelishgan.
Bosh mutaxassisning Toshkent shahar IIBBga pora taklif qilgan shaxsning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan bergan arizasiga asosan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. Natijada taklif egasi pora bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
“ATTESTASIYAGA QATNASHISHGA VAQTIM YO‘Q EDI”
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi...
- Ichki nazorat bo‘limida ichki nazoratchi lavozimida ishlab kelaman. O‘zbekiston Respublikasi Qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish agentligida ishlovchi bosh mutaxassis bilan tanishib qoldim. Agentlikdan 1-toifali va 2-toifali attestasiyadan o‘tkazishib ruxsatnomalarni olish uchun unga 50 AQSh dollari taklif qildim. O‘zimga 1-darajali sertifikatni olishda va 2-toifali sertifikatni olishda sinov muddatida ishlovchi uch nafar xodimning hujjatlarini taqdim qildim. O‘zimni attestasiyaga qatnashishga vaqtim yo‘qligini aytdim. Shu bois 50 AQSh dollari berishimni aytganman. Agentlik binosining orqa tomonida bosh mutaxassisga kelishilgan pulni berdim. Shu vaqt yonimizga bir nechta shaxslar kelib, o‘zlarini Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari deb tanishtirishdi. So‘ng 50 AQSh dollari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi. Ushbu holatdan men bilan ishlovchi uch nafar xodimning umuman xabarlari bo‘lmagan. Qilgan ishimdan pushaymonman.
Sudlanuvchi qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari va keksa ota-onasi borligini, oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olib, unga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘rab ko‘rsatma berdi.
SUD HUKM QILDI
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va 5 575 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Agar jarima jazosini belgilangan muddatlarda to‘lamagan taqdirda, ushbu jazo boshqa jazo turiga almashtirilishi tushuntirildi.
Muxammad Kayumov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
M.Ulug‘bek tuman sudi sudyasi