Bugun 8 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Ponseti usuli: Tug‘ma maymoqlikdan oson va asoratsiz xalos bo‘lish mumkin

A A A
Ponseti usuli: Tug‘ma maymoqlikdan oson va asoratsiz xalos bo‘lish mumkin

Tug‘ma maymoqlik — eng ko‘p uchraydigan ortopedik nuqson. Yer yuzida har 1000 chaqaloqdan 4 nafari shu dard bilan dunyoga keladi. Mutaxassislar buni go‘dakning ona qornidaligida boldir mushaklari rivojlanmay qolishi bilan izohlaydi.

Eng yomoni, beparvolik, kech tashxis yoki noto‘g‘ri muolaja oqibatida mazkur nuqson kelgusida nogironlikni keltirib chiqarmoqda.

Vaholanki, zamonaviy tibbiyot yutuqlari endilikda bu nuqsonni jarrohlik aralashuvisiz, tez, oson va samarali davolash imkonini bermoqda. Xususan, yurtimizda ham!

— Yaqin yillargacha tug‘ma maymoqlikni muolaja qilishda qo‘llanilgan an’anaviy usullar yetarli natija bermagan, hatto ko‘p hollarda og‘ir asoratlarni ham keltirib chiqargan, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov.

— Endi esa xavotirlanishga hojat yo‘q. Muassasamizda bu kasallikni ilg‘or xorijiy davlatlarda qo‘llanilayotgan Ponseti usulida davolashni o‘zlashtirganmiz.

Ushbu amaliyot, avvalo, yuqori samara beradi. Kam invaziv. Bemor uchun katta qiyinchilik tug‘dirmaydi va sarf-xarajatlar narxi ham ancha arzon.

Tuzalish muddati esa qisqa va eng muhimi, asoratsiz. Shu bilan birga, bemorni muolajadan so‘ng reabilitasiya qilishga ehtiyoj yo‘q.

Shifokorning qayd etishicha, hozir markazda bu amaliyot uch bosqichda bajarilmoqda.

✅ Ilk bosqich gipslash amaliyotidan iborat. Bunda bemorning tizzasi 90 gradus bukilgan holda butun oyoq uzunligi bo‘ylab gips bog‘lamlari qo‘yiladi va ular har 5-7 kunda uzluksiz almashtirib boriladi.

✅ Ikkinchi bosqichda maymoqlikka xos asosiy nuqson — Axill payi kaltaligi bartaraf etiladi. Payni uzaytirish jarayoni terini kesmasdan, narkozsiz va choksiz amalga oshiriladi. Bu amaliyotdan keyin bemor oyoqlariga yana 3 hafta davomida gips bog‘lami qo‘yiladi.

✅ So‘nggi bosqichda maymoq oyoqqa maxsus moslama – Breyslar taqiladi. Bu kasallik qaytalanishining oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur jarayon davomiy bo‘lib, bemor dastlabki 3 oy ichida sutkaning 23 soatida mazkur moslamani taqib yurishi zarur. Keyinchalik ushbu miqdor bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.

E’tiborli jihati, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida birgina joriy yilning o‘tgan davrida 600 nafar bemor Ponseti usulida davolanib, tug‘ma maymoqlikdan xalos bo‘ldi.

Kiritildi: 15:22 19.09.2023. O'qildi: 1736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!