Polshada ishchilar uchun to‘rt kunlik ish haftasi sinov tarzida joriy qilinmoqda. Yangi tizim orqali ishchilarga turmush sifatini yaxshilash va demografik muammolarga yechim topish maqsad qilingan.
30 iyundan boshlab Polshada to‘liq ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish haftasi sinovi boshlanadi. Bu haqda UNN nashri xabar berdi. Yangilikka ko‘ra, ishchilarga to‘rt kunlik ish haftasi, kuniga olti soatlik ish vaqti yoki qo‘shimcha to‘lanadigan ta’til kunlarini tanlash imkoniyati berilmoqda.
Tashkilotlar o‘zlariga mos ish rejasini mustaqil belgilashi mumkin. Masalan, kompaniyalar besh kunlik ish haftasini saqlab qolib, ayrim kunlarni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilalashi mumkin. Bunday dam olish kunlari sonini ish beruvchi belgilaydi.
Yangi tizimga moslashish uchun korxonalar va davlat muassasalariga tashkilotchilik o‘zgarishlari uchun 1 million zlotiygacha moliyaviy yordam ajratiladi.
Polsha hukumati ushbu islohotni demografik inqirozga qarshi kurashning bir qismi sifatida ko‘rmoqda. Mamlakatda ish faoliyati yuqori bo‘lgani sababli, ish va oilaviy hayot muvozanati buzilmoqda. Yangi ish tizimi orqali ishchilarga oilaviy munosabatlarga ko‘proq vaqt ajratish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
To‘rt kunlik ish haftasi xalqaro miqyosda ham keng joriy qilinmoqda. Yaponiyada, Islandiyada, Germaniya va Buyuk Britaniyada shunday sinovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Britaniyada o‘tgan yilda 56 ta kompaniya va minglab xodimlar to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tgan.