Rossiyaning Su-24MR harbiy samolyoti 11 fevral, seshanba kuni Polsha havo hududiga kirib kelgani haqida Polsha qo‘mondonligi bayonot berdi. Hodisa Boltiq dengizi yaqinida, samolyot Kaliningrad viloyatidan havoga ko‘tarilgan paytda sodir bo‘lgan.
Polsha ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot mamlakat havo hududida 1 daqiqa 12 soniya bo‘lgan va Polsha harbiylarining ogohlantirishidan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirgan. Rossiya tomoni esa bunga samolyotning navigasiya tizimidagi nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
«Bizning tizimlarimiz bu samolyotni darhol aniqladi va ogohlantirishdan so‘ng u havo hududimizni tark etdi», — deya ta’kidladi Polsha ichki ishlar vaziri Tomas Semonyak.
Polsha hukumati ushbu hodisaga nisbatan diplomatik choralarni ko‘rib chiqmoqda. Voqea Rossiya va NATO o‘rtasidagi keskinlik ortib borayotgan, shuningdek, Polsha o‘z xavfsizligidan tashvishlanayotgan bir paytda sodir bo‘ldi. Ukrainaga yordam berayotgan Varshava, Rossiya tajovuzining navbatdagi nishoniga aylanishi mumkinligidan xavotirda.
Bu Rossiyaning Polsha havo hududini ilk bor buzishi emas. Ukraina urushi boshlanganidan buyon Rossiya samolyotlari bir necha bor Polsha chegaralarini kesib o‘tgan. Shu sababli Polsha armiyani keng ko‘lamli modernizasiya qilishga kirishgan.