Polsha Tashqi ishlar vazirligi Tver viloyatidagi "MednoYE" yodgorlik majmuasida Polsha harbiy mukofotlarining barelyeflari demontaj qilinishi munosabati bilan Rossiya tomoniga norozilik notasini yubordi.
Bu haqda Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbari Radoslav Sikorskiy RMF24 radiostansiyasi efirida ma’lum qildi.
"Diplomatik nota allaqachon yuborilgan", dedi Sikorskiy vaziyatni izohlar ekan.
Gap 1940 yilda NKVD tomonidan otib tashlangan polshalik zobitlar xotirasiga bag‘ishlangan majmuaning bir qismi bo‘lgan Polsha harbiy qabristonida joylashgan barelyeflar haqida bormoqda. Polsha ommaviy axborot vositalarining yozishicha, demontaj 16 may kuni bo‘lib o‘tgan va bu Varshavaning keskin munosabatiga sabab bo‘lgan.
Polsha TIV Rossiya rasmiylarining xatti-harakatlarini qurbonlar xotirasiga hurmatsizlik va dafn etilgan joylarni saqlash bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarning buzilishi sifatida baholadi.