Pakistan International Airlines’ga tegishli yo‘lovchi tashuvchi samolyotning Karachi yaqinida halokatga uchrashi oqibatida 97 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Sind provinsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozmoqda "Daryo".

Idoraning ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi bortida 99 kishi bo‘lgan. Ularning 97 nafari halok bo‘lgan va ikki kishi omon qolgan.

Samolyot 22 may kuni halokatga uchragan. U aeroportdan taxminan 4 kilometr uzoqlikdagi turar joy binolariga qulagan edi. Reuters agentligi samolyot portida 107 kishi bo‘lganini ma’lum qilgan: 99 nafar yo‘lovchi va sakkiz nafar ekipaj a’zosi. Aviakompaniyaning Facebook’dagi bayonotida esa samolyotda ekipaj a’zolari bilan birga 99 kishi bo‘lgani yozilgan.

Karachi meri Vasim Axtar dastlab aviahalokat oqibatida hech kim omon qolmaganini bildirgan. Keyinroq Sind provinsiyasi hukumati ikki kishi qutqarib olinganini ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, OAVda omon qolganlar soni ko‘proq ekanligi aytilmoqda. The Nation nashrining yozishicha, shifoxonalardan biriga 15 nafar jarohat olgan yo‘lovchi yetkazilgan bo‘lsa, yana biriga — 17 kishiga olib borilgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, havo kemasining halokatga uchrashiga uning qushlar to‘dasi bilan to‘qnashuvi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.