Pokistonda yuz bergan terakt oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda The Hindu xabar berdi.
"17 fevral kuni Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati Bajaur tumanida joylashgan nazorat punktiga hujum uyushtirildi. Buning oqibatida 11 nafar xavfsizlik xodimi va bir nafar bola halok bo‘ldi. Yana yetti kishi, jumladan, ayollar va bolalar jarohatlandi", deya xabar bermoqda nashr.
Pokiston armiyasi bayonotida aytilishicha, hujum avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma yordamida amalga oshirilgan. Portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan mashina nazorat punkti devoriga borib urilgan va kuchli portlash sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni “Tahriki Tolibon Pokiston” terrorchilik harakati a’zolari sodir etgan. Xavfsizlik kuchlarining javob zarbalari oqibatida 12 nafar terrorchi zararsizlantirilgan.
Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy teraktni keskin qoralab, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, u terrorchilikka qarshi kurash davlatning eng ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidladi.