Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev vaqtincha chet elga uchib ketdi.
“Manas” aeroportida olingan videoni uning yaqin hamkori O‘tkirbek Rahmonov e’lon qilgan. Uning yozishicha, Tashiyev mamlakatni vaqtincha tark etgan.
Tashiyevning aynan qaysi mamlakatga va nima maqsadda ketayotgani bio‘yicha ma’lumot taqdim etilmagan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, u Germaniyaga jo‘nab ketgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi.
Bundan tashqari, Tashiyevning o‘rinbosarlari – Daniel Risaliyev, Qurbonbek Avazov, Elizar Smanov hamda Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasodiqov ham lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlamenti) spikeri, bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari ham iste’foga chiqqandi.
Bundan tashqari, kecha tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev, favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeev hamda transport va kommunikasiyalar vaziri Absattar Sirg‘abaev lavozimidan ozod etilgani xabar berildi.