Boks bo‘yicha sobiq jahon chempionlari, amerikalik Mayk Tayson va Floyd Meyvezer Kongo Demokratik Respublikasida ko‘rgazmali jang o‘tkazadilar.
Bu haqda Tayson o‘zining «X» (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Ushbu tadbir 2026 yilning 25 aprel kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash joizki, jang joyi sifatida Kongoning tanlanishi ramziy ma’noga ega — aynan shu yerda 1974 yilda Muhammad Ali va Jorj Forman o‘rtasidagi afsonaviy «Changalzordagi to‘qnashuv» («Rumble in the Jungle») bo‘lib o‘tgan edi.
48 yoshli Meyvezer o‘zining professional boksdagi faoliyati davomida 50 ta g‘alabaga (shundan 27 tasi nokaut bilan) erishgan va biror marta mag‘lub bo‘lmagan. U beshta vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan va 1996 yilgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindoridir. Meyvezer professional faoliyatini 2017 yilda yakunlagan edi.
Professional faoliyatini tugatgandan so‘ng Meyvezer bir nechta ko‘rgazmali janglar o‘tkazdi. U kikbokschi Tensin Nasukavani birinchi raundda nokautga uchratdi, blogerlar Logan Pol va Don Mur bilan janglari durang bilan yakunlandi, MMA jangchisi, yaponiyalik Mikuru Asakura va bloger Oladeji Olatunjini mag‘lub etdi, Aaron Chalmers va Jon Gotti bilan uchrashuvlari esa natijasiz deb topildi. Bundan tashqari, u ikki vazn toifasida UFC kamarining sobiq sohibi, irlandiyalik Konor Makgregorni boks qoidalari bo‘yicha kechgan bahsda mag‘lub etgan.
59 yoshli Mayk Tayson esa so‘nggi bor 2024 yilning noyabr oyida bloger Jeyk Polga qarshi ringga chiqib, hakamlar qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy bergan edi.