Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning qamoqdan ozod etilishini talab qilgan tarafdorlari polisiya bilan to‘qnashib, Islomobod markazida rasmiylar o‘rnatgan to‘siqlarni buzib o‘tdi. Har ikki tomondan kamida olti kishi halok bo‘ldi, deb yozadi VVS.
Tez orada polisiya va askarlar namoyishchilarni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi.
“Islomobodda keskinlik kechasi jonlanmoqda, PTI tarafdorlari qo‘shni hududlarda to‘planib, hozircha to‘qnashuvlardan qochayotganga o‘xshaydi”, – deb xabar beradi BBC.
PTI Imron Xonning partiyasi, Pokiston Adolat harakati (Pokiston Tehrik-e-Insaf).
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning aytishicha, namoyishchilar o‘z mashinalari bilan to‘rt nafar askarni bosib o‘ldirgan.
PTI matbuot kotibi Zulfiqor Buxoriyga ko‘ra, namoyishchilar tomonidan ikki kishi halok bo‘lgan, 30 kishi yaralangan. Halok bo‘lganlarning biriga o‘q tegib ketgan, ikkinchisini mashina bosib qolgan.
Tomonlarning bu bayonotlarini tekshirish hali qiyin.
Islomobodda Imron Xonning minglab tarafdorlari o‘tgan yili korrupsiyada ayblanib qamalgan 72 yoshli sobiq bosh vazirning ozod etilishini talab qilish uchun yig‘ilgan.
Namoyishchilar Islomobodning markaziy maydoniga to‘planmoqchi bo‘lgan, biroq rasmiylar asosiy ko‘chalar va yo‘llarni yuk konteynerlari bilan to‘sib, mamlakatning turli burchaklaridan poytaxtga harbiylar va polisiyachilarni olib kelishgan.
Namoyishchilar bilan polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan, namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanilgan.