Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi uzaytirildi.
Bu haqda Pokistonning Dawn gazetasi yuqori martabali diplomatik manbaga tayanib xabar berdi.
"Vaqtinchalik otashkesim Afg‘oniston Tolibon hukumati iltimosiga ko‘ra uzaytirildi”, — dedi manba.
Manbaga ko‘ra, Pokiston delegasiyasi allaqachon Dohaga yetib borgan va u yerda mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Afg‘oniston delegasiyasi shanba kuni Qatar poytaxtiga yetib borishi mumkin. Manbaning aniqlik kiritishicha, sulh muzokaralar yakuniga qadar davom etadi.
15 oktyabr kuni Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat yaqin 48 soat davomida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Otashkesim Toshkent vaqti bilan 19:00 da kuchga kirdi.