Pokiston Milliy xavfsizlik kengashining Bosh vazir Shahboz Sharif raisligida o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishidan so‘ng, mamlakat hukumati BMT Nizomining 51-moddasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. Hujjat qurolli tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zini himoya qilish huquqini tasdiqlaydi. Rasmiy bayonotda Hindistonning xatti-harakatlari “qo‘rqoq va noqonuniy urush harakati” deb atalgan.
Hindiston harbiy-havo kuchlari terrorchilarga qarshi kurash bahonasida Panjob va Kashmirdagi fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan, deydi Pokiston rasmiylari. Jabrlangan hududlar orasida Sialkot, Shakargarh, Muridke, Bahavalpur, Kotli va Muzaffarobod bor. Strategik inshoot Nilum-Jhelum gidroyelektr stansiyasi ham shikastlangan. Tinch aholi, jumladan, ayollar va bolalar qurbon bo‘lgani, masjidlar vayron qilingani haqida xabarlar bor.
Hindiston tomonining ta’kidlashicha, zarbalar aprel oyida Kashmirdagi sayyohlar guruhiga uyushtirilgan va 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumda ishtirok etgan jangarilar lagerlariga qarshi qaratilgan. Dehliga ko‘ra, operasiya "maqsadli" bo‘lib, go‘yo faqat terrorchilik infratuzilmasiga qarshi qaratilgan.
Pokiston o‘z hududida terrorchilar bazalarini joylashtirish ayblovlarini qat’iyan rad etadi. Mamlakat rasmiylari Hindistonning hujumini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligi va harbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan fuqarolik obektlariga zarar yetkazilishini ta’kidlamoqda. Islomobodning aytishicha, javob "hal qiluvchi va o‘z vaqtida" bo‘ladi.