Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har sakkizinchi o‘limni saraton kasalligi keltirib chiqarar ekan. Onkologik kasalliklar ichida o‘pka saratoni eng ko‘p tarqalganlaridan biri hisoblanadi. Dunyo mamlakatlari sanoat sohasining rivojlanib borishi bu xastalikning avj olishiga zamin yaratmoqda. O‘zbekiston aholisi ham bu muammodan uzoq emas. Demak, o‘pka saratoni haqida to‘liqroq ma’lumot olish hech birimizga zarar qilmaydi. Mavzu yuzasidagi savollarimiz bilan tibbiyot fanlari nomzodi, torakal (ko‘krak qafasi) onkolog vrachi Olimjon Imomovga murojaat qildik.
— Saraton xastaliklari haqida mutaxassis sifatida umumiy ma’lumot bersangiz.
— Saraton xavfli o‘smalar xastaligidir. Umuman olganda, o‘smalarni ikki turga bo‘lishimiz mumkin: xavfli va xavfsiz. Xavfsiz o‘smalar o‘zi o‘sgan joyini zararlamaydi, yondosh a’zolarga o‘tib, ularga ham zarar yetkazmaydi. Bu o‘smani jarrohlik usuli bilan olib tashlash mumkin. Shu bilan muammo hal qilinadi. Xavfli o‘smalarning kechishi esa bundan ancha farq filadi. Bunday o‘smalar inson tanasining barcha a’zolarida uchrashi mumkin. Hatto ko‘z, quloq, tilda ham paydo bo‘ladi. Uning xavflilik darajasi shunda namoyon bo‘ladiki, xavfli o‘smalar borgan sari o‘zi o‘sgan a’zoni zararlab, yondosh a’zolarga ham o‘tadi va doimiy ravishda salbiy ma’noda harakatda bo‘ladi.
— O‘pka saratonini keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri tamaki chekish ekanligi barchamizga ma’lum. Bu xastalikning paydo bo‘lishi yana qanday sabablarga bog‘liq?
— Barcha a’zolardagi saratonni keltirib chiqaruvchi umumiy sabablar deyarli bir xil. Ularni shunday tasniflasak bo‘ladi: turli xil viruslar sababida saraton xastaligi paydo bo‘lishi, ya’ni virus nazariyasi. Uzoq vaqt davomida biror a’zoning ta’sirlanishi natijasida (bu saratonni keltirib chiqaruvchi mexanik nazariyadir) saraton xastaligi vujudga kelishi mumkin. Masalan, uzoq vaqt og‘zida nos ushlab turuvchilarda lab saratoni, bo‘ynida xoli bor odamlarda ko‘ylak yoqasining xolga ishqalanishi oqibatidagi saraton; keyingi omil sifatida kimyoviy nazariyani olishimiz mumkin. Buni ekologiyaning buzilishi, taomlarimizda kimyoviy moddalarning ortib ketishi, tabiatdan uzoqlashish bilan izohlasak bo‘ladi; to‘rtinchi sabab nasl bilan bog‘lanib, genetik nazariya etib belgilangan. Ya’ni saraton xastaligiga nisbatan nasliy moyillik bo‘ladi.
— Saraton nasl suradi, avloddan avlodga o‘tadi, degan xalq orasidagi qarashda, demak, jon bor ekan-da...
— Yo‘q, bu noto‘g‘ri qarash! Odamlar orasida genetik kasalliklar va xastaliklarga nisbatan nasliy moyillikni ajrata olmaslik ko‘p kuzatiladi. Bemorlarimiz orasida ham shunga o‘xshash anglashilmovchiliklar tez-tez uchrab turadi. Ba’zan esa biror yaqin qarindoshi saraton bilan og‘rigan qizlarni kelin qilishdan, yigitlarga qiz uzatishdan qo‘rqishadi. Yana bir bor takrorlayman, saraton nasl suruvchi xastalik emas, unda nasliy moyillik bo‘lishi mumkin, xolos. Buni qanday tushunmoq kerak? Nasliy kasalliklar hech bir faktorlarsiz (sabablarsiz) avloddan avlodga o‘tib boradi. Saratonda esa bu boshqacha kechadi, masalan, ikkita odam bir xil sharoitda yashadi, turmush tarzi, zararli odatlar-chekish, ichish bilan ham bir xil darajada shug‘ullandi. Ammo biri saraton bilan og‘ridi, ikkinchisi esa yo‘q. Genida saraton xastaligiga moyillik bo‘lganlarda biror turtki sabab bo‘lib bu kasallik paydo bo‘ladi. Saratonning nasliy xastalik emasligi shunda ko‘rinadiki, u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buni chetlab o‘tishning yo‘li bor. Bu izoh saratonning barcha turlariga mos keladi.
— O‘pka saratoniga kengroq to‘xtalsak. Bu kasallik bilan og‘rishga yoshning, jinsning, mintaqaning qanchalik ahamiyati bor?
— Yosh bo‘yicha olib qaraydigan bo‘lsak, katta yoshlilarda ko‘proq uchraydi. Chang va turli zaharli gazlardan 10-15 yil nafas olgan o‘pkadan ko‘ra, 40-50 yil shu gazlarni yutgan o‘pkada saraton bilan og‘rish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Ayollardan ko‘ra erkaklarda o‘pka saratoni 10 foizgacha ko‘p uchraydi. Buni ishlab chiqarish, sanoat sohasida erkaklarning ko‘proq ishlashi, ko‘chada ko‘proq bo‘lishi va zaharli gazlardan nafas olishi bilan izohlash mumkin. Geografik nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, o‘pka saratoni tarqalishi bo‘yicha Yevropa davlatlari birinchi o‘rinda turadi. Bu davlatlarda sanoatning rivojlanishi, avtomobillarning ko‘payishi tabiatdan uzoqlashishga olib keladi. Bu esa o‘pka saratoniga boshlaydi. Tog‘li tumanlardan ko‘ra shahar aholisi o‘rtasida o‘pka saratonining ko‘p uchrashiga ham yuqoridagi ta’sirlar sabab bo‘ladi. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, ko‘krak qafasi kichkina odamlarda keng ko‘krak qafaslilarga nisbatan o‘pka saratoni xastaligi bilan og‘rish ko‘proq bo‘lar ekan.
— Olim aka, o‘pka saratonining bosqichlari va belgilari qanday bo‘ladi?
— O‘pka saratoni to‘rt bosqichda kechadi va belgilari ham shunga muvofiq ko‘rina boradi. Birinchi bosqichda o‘simta o‘pkaning ma’lum bir qavatida paydo bo‘ladi. Bu bosqichda biror bir tashqi belgi sezilmaydi. Ikkinchi bosqichda esa o‘simta a’zoning bir necha qavatiga o‘tib, uni zararlay boshlaydi. Bu bosqichda ham tashqi belgilar deyarli yo‘q. Faqatgina tibbiy tekshirishgina buni aniqlay oladi. Uchinchi bosqichda o‘simta o‘pkaning barcha qavatlarini zararlab, qo‘shni a’zolarga ham o‘ta boshlagan bo‘ladi. Tashqi belgilari: quruq, keyinchalik esa balg‘amli yo‘talning avj olishi, biror og‘ir ish qilinganda hansirash, nafas siqilishi, ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘lishi. Eng so‘nggi to‘rtinchi bosqichda o‘simtaning biror bo‘lagi qon orqali tananing turli qismlariga borib yetadi va o‘sha joyda rivojlanadi, ya’ni saraton butun tana bo‘ylab tarqaladi. Bemor tinch turganda ham hansiraydi, surunkali yo‘taldan nafas ololmay qoladi, yotganda ko‘proq bezovta bo‘ladi, natijada o‘tirib uxlashni odat qila boshlaydi. Kasallikning birinchi va ikkinchi bosqichlarida to‘liq davolash mumkin. Uchinchi bosqichda esa davolanish murakkablashib boradi. Ijobiy natija olish ehtimoli kamayadi. Bitta o‘pkani olib tashlashga to‘g‘ri kelishi ham mumkin. So‘nggi bosqichda esa o‘pkani davolashdan ma’no qolmaydi. Chunki saraton butun tana bo‘ylab tarqalib bo‘ladi. Eng yomoni shundaki, to‘liq davolanish imkoniyati ko‘proq bo‘lgan dastlabki bosqichlarda belgilar deyarli kuzatilmaganligi uchun shikoyat bilan kelganlarning ko‘pchiligi kasallikni o‘tkazib yuborishgan bo‘ladi.
— Saratonning oldini olish, unga chalinmaslik uchun qanday maslahatlar berasiz?
— Avvalo, har olti oyda umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish kerakli shunchaki bir gap emas. Unga amal qilish shart! Zararli odatlarga chek qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini ko‘nikma qilib olish o‘pka saratoniga chalinishning oldini oladi. O‘pka bilan bog‘liq turli supunkali kasalliklarni vaqtida, asorati qolmasligi uchun oxirigacha davolash, atrof muhit tozaligiga e’tiborli bo‘lish, chiqindilarni yoqmaslikni tavsiya qilaman. Unutmang, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda.