Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum T.I. koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, so‘ng asossiz ravishda intizomiy bo‘linmaga joylashtirilgan. Bu haqda u Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan.
Ombudsman axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat joyiga chiqib o‘rganilganda, mahkum T.I. Piskent tumani markaziy shifoxonasiga joylashtirilgani hamda shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uning bosh va ko‘krak qismida lat yeyish alomatlari aniqlangan.
“Ishga oid hujjatlar o‘rganilganda, mahkum T.I. intizomiy bo‘linmaga 2025 yil 27 fevral kuni joylashtirilgan va unga 10 sutkaga intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror Toshkent maxsus prokurori tomonidan o‘rganilib, bekor qilingan hamda koloniya ma’muriyatining harakatlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasi (mahkumlarni intizomiy jazolash shartlari) va 111-moddasi (qo‘pol tartibbuzarlik tushunchasi) talablariga zid deb topilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mahkum olti kun davomida asossiz ravishda intizomiy bo‘linmada saqlanib, uning huquqlari va erkinliklari buzilgan. Shu sababli, Ombudsman tomonidan qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilishini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nazorat xati kiritilgan.