Bugun 29 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Perinatal markazlarda tibbiy xizmatlar pullimi yoki?..

A A A
Perinatal markazlarda tibbiy xizmatlar pullimi yoki?..

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati perinatal markazida pullik tibbiy xizmatlar narxlari aks etgan preyskurant (rasm) ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Ma’lumki, oxirgi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan o‘tkazish orqali ularda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Perinatal xizmatning asosiy vazifasi homila holatini kuzatish, jarrohlik yo‘li bilan o‘z vaqtida davolash uchun tug‘ma nuqsonlarni aniqlash, muddatiga yetmay va kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlashdan iborat. Bu borada erishilayotgan muvaffaqiyatlar nafaqat go‘daklar hayotini va salomatligini saqlab qolish, balki ona salomatligini ham ta’minlash imkonini beradi.

Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida, mutaxassislarimizning ham malakasini oshirish orqali eng kam vaznli go‘daklar, hatto besh yuz gramm vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish va reabilitasiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida yurtimizda ayollarni salomatligini mustahkamlashga, onalar va go‘daklar o‘limini keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Oxirgi ikki yil ichida go‘daklar o‘limi har bir ming nafar tirik tug‘ilganlarga nisbatan 1,6 promillega kamaydi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 oktyabrdagi “Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 589-sonli hamda 2014 yil 28 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida perinatal xizmatni hududiylashtirish to‘g‘risida”gi 185-sonli buyruqlari asosida muddatdagi fiziologik, asoratlanmagan homiladorlik, doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan homilador ayollarni joyidagi tug‘ruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

– Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, mamlakatimizdagi perinatal markazlari homilada tug‘ma nuqsoni bo‘lgan, ona va bola salomatligiga xavf soluvchi tug‘ruqlarni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi. Ushbu holatlarda barcha tug‘ruqlar bepul tarzda amalga oshiriladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Marat Sadikov. – Shuningdek, ayni paytda fuqarolarning talab va istaklariga asosan boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Surxondaryo viloyat perinatal markazida sifatli, malakali va ixtisoslashtirilgan pulli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Markazda pulli tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgunga qadar fiziologik tug‘ruqlar 47 foizni tashkil etgan bo‘lib (me’yor 25 foizgacha) pulli tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgach, ushbu ko‘rsatkich 20-25 foizga tushirish kuzda tutilgan. Pulli xizmat nafaqat qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash barobarida, byudjet mablag‘larini tejash, sanitariya qoidalariga rioya qilish, korrupsiyaning oldini olish, muassasaning tibbiy va moddiy texnika bazasini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan preyskurant (rasm)ga kelsak, u tegishli huquqiy hujjatga asosan pulli tibbiy xizmat uchun belgilangan narxlar hisoblanadi. Shu bois fiziologik holatdagi homilador ayollar, hududlaridagi tug‘ruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmatdan yoki o‘z xohishlariga qarab,perinatal markazlaridagi pulli xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

Kiritildi: 19:30 31.10.2019. O'qildi: 4168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!