Pentagon rahbari giyohvand moddalar kontrabandasi gumon qilingan qayiqqa qarshi amaliyot chog‘ida undagi barcha odamlarni o‘ldirishni shaxsan buyurgan — The Washington Post.
Nashr manbalariga ko‘ra, Pit Hegset giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan qayiqqa berilgan zarbadan keyin tirik qolgan ikki nafar dengizchini ham yo‘q qilish bo‘yicha og‘zaki buyruq bergan. Ushbu amaliyotda AQSh dengiz flotining SEAL Team 6 maxsus bo‘linmasi ishtirok etgan.
"Tirik qolganlarni yo‘q qilish buyrug‘i harbiy jinoyat hisoblanadi va agar bu buyruqni Pentagon rahbari bergani tasdiqlansa, u sud qilinishi mumkin. Biroq, buyruqni Pit Hegset emas, admiral Frenk Bredli bergan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Aynan shu buyrug‘i uchun Bredlining lavozimi ko‘tarilgani bo‘lishi mumkin", deya yozmoqda The Washington Post.
Ushbu da’volarga javoban Hegset The Washington Post'ni feyk xabar tarqatishda va AQSh armiyasini obro‘sizlantirishda aybladi.
"Maqolada tilga olingan zarba AQSh qonunlariga va xalqaro huquqqa to‘liq mos keladi. Vashington endi terrorchilarni yo‘q qilishni boshladi”, — dedi u.