22 iyunga o‘tar kechasi Qo‘shma Shtatlar Eronning uchta – Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy ob’ektlariga zarba berdi.
Pentagon rahbari Pit Xegset Eron yadroviy inshootlariga zarba berish tafsilotlarini oshkor qildi va o‘tkazilgan harbiy amaliyotning diagrammasini ko‘rsatdi.
Eron hududidagi yadroviy inshootlarni yo‘q qilish operasiyasi «Yarim tun bolg‘asi» deb nomlangan.
Pentagon brifing doirasida e’lon qilgan «Yarim tun bolg‘asi» operasiyasi batafsil tasvirlangan grafik diagramma. AQSh Mudofaa vazirligi.
Pentagon rahbari taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiy-havo kuchlarining B-2A Spirit bombardimonchi samolyotlari Missuri shtatidagi Uaytmen harbiy bazasidan havoga ko‘tarilib, qiruvchi va tanker samolyotlari hamrohligida Yevropa va Yaqin Sharq bo‘ylab sharqqa uchib ketgan.
Xegsetning so‘zlariga ko‘ra, bu 2001 yildan buyon kuzatilgan eng uzun missiya bo‘lgan va bundan tashqari, AQSh harbiy-havo kuchlari birinchi marta GBU-57 bunker teshuvchi bombasidan foydalangan.
Havo hujumlaridan so‘ng Fordo, sun’iy yo‘ldosh tasviridagi yer osti majmuasining umumiy ko‘rinishi, 2025 yil 22 iyun. Sun’iy yo‘ldosh tasviri. Maxar Technologies
O‘z navbatida, shtab boshliqlari qo‘shma qo‘mitasi raisi general Den Keyn mazkur amaliyotga yoqilg‘i quyish va himoyalovchi-qiruvchi samolyotlar bilan birgalikda jami 125 dan ortiq samolyot jalb qilinganini ma’lum qildi.
Operasiya davomida AQSh harbiylari taxminan 75 ta aniq boshqariladigan o‘q-dorilardan foydalangan.
Fordo ob’ektiga har birining og‘irligi 13 tonnadan ortiq bo‘lgan 12-14 ta GBU 57 havodan uchiriladigan bunker teshuvchi bombalari tashlangan. Natanz va Isfaxonga esa 30 ga yaqin suv osti kemasidan uchirilgan Tomahawk raketalari ishlatilgan.
Havo hujumlaridan keyin Fordo yaqinidagi tizmadagi kraterlar va zararlarning yaqindan surati, 2025 yil, 22 iyun. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan surat. Maxar Technologies
«Eronning uchta yadroviy ob’ektiga havo zarbasini berish uchun general Erik Kurilla qo‘mondonligi ostida AQSh Markaziy qo‘mondonligi «Yarim tun bolg‘asi» operasiyasini amalga oshirdi. Bunda murakkab taktikalar – aldamchi manevrlar, qiruvchi samolyotlar himoyasi va havoda yonilg‘i quyish kabilar qo‘llanildi.
Bu AQSh armiyasi tomonidan amalga oshirilgan murakkab va xavf ehtimoli yuqori bo‘lgan missiya edi», - dedi Keyn.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat bir necha kishi biladigan «yuqori darajadagi missiya» bo‘lgan.