Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan “Qorabog‘ masalasi”ni ilgari surish, ayniqsa, Armaniston davlatchiligi va mustaqilligiga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi haqida ogohlantirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, cho‘zilgan “Qorabog‘ harakati” tashqi kuchlar tomonidan Armanistonni zaiflashtirish va beqarorlashtirish uchun foydalaniladigan vositaga aylandi.
"Biz buni juda kech angladik", dedi u parlamentda. " Ba’zi xorijiy o‘yinchilar uchun Qorabog‘ muammosi Armanistonni qo‘llab-quvvatlash emas, balki bizning taraqqiyotimizga to‘sqinlik qilish va oxir-oqibat davlatchiligimizni yo‘q qilish usuli edi ".
Shu hafta boshida Pashinyan Ozarbayjonga taklif bilan chiqdi: bir vaqtning o‘zida tinchlik bitimini imzolash va 1991-yilda Fransiya, Rossiya va AQSh ishtirokida tuzilgan xalqaro format – YEXHT Minsk guruhini rasman tarqatib yuborish. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, format uzoq vaqtdan beri samarasiz deb hisoblangan.
“Kelinglar, tinchlik kelishuvi va Minsk guruhi tuzilmalarini tarqatib yuborish bo‘yicha qo‘shma bayonotni stolga qo‘yib, ularni bir joyda va bir vaqtning o‘zida imzolaymiz”, dedi siyosatchi.
U Armaniston urushni emas, tinchlikni xohlashini ta’kidladi. "Urush uchun hech qanday sabab yo‘q. Urush bo‘lmaydi. Tinchlik bo‘ladi".
Ozarbayjon, o‘z navbatida, Yerevandan birinchi navbatda Konstitusiyani o‘zgartirishni - Qorabog‘ga hududiy da’vo sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan iborani olib tashlashni talab qilmoqda. Pashinyan buning uchun referendum o‘tkazish zarurligini, bu faqat 2027-yilda bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Shunga qaramay, Bosh vazir Armaniston Konstitusiyasidagi bahsli fikrlarni hisobga olmagan holda zudlik bilan tinchlik shartnomasini imzolashni talab qilmoqda. Ozarbayjon uning tashabbusiga hali rasman javob bermadi.
Pashinyan, shuningdek, chegaradagi voqealarni, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishini tekshirish uchun Armaniston-Ozarbayjon qo‘shma mexanizmini yaratishni taklif qildi. Biroq ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat asosan Yerevanning provokasiyalari tufayli saqlanib qolmoqda. Tinchlik shartnomasi matni 13-mart kuni kelishilganidan beri sulhning 26 marta buzilishi qayd etilgan. Taqqoslash uchun, bundan oldin besh oy ichida atigi uchta voqea sodir bo‘lgan.