Bugun 9 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Parkent va Ohangaron tog‘larida zamonaviy turizm maskanlari bunyod etiladi

Parkent va Ohangaron tog‘larida zamonaviy turizm maskanlari bunyod etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati poytaxtga yaqin joylashgani uchun bu yerda yashovchi aholi ish o‘rinlari, daromad va turmush sharoiti ham Toshkent shahri darajasiga munosib bo‘lishini kutishini ta’kidladi. Shu bois, viloyat tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida namuna bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024-2025 yillarda viloyat uchun 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida byudjet, bank kreditlari va xorijiy investisiyalar hisobidan yirik resurslar yo‘naltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investisiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

O‘tgan bir yil ichida Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmasevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik va tog‘-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi. Poytaxt ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 87 ta korxona va yangi sanoat loyihalarini Toshkent viloyatiga ko‘chirish ishlari boshlandi, hozirgacha 15 dan ortiq to‘qimachilik korxonasi ko‘chib keldi va 4700 nafar fuqaro o‘z yashash joyida ishli bo‘ldi.

Umuman, 2025 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari hajmi 9,8 foizga o‘sdi.

2026 yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga, sanoatni 8,8 foizga, xizmatlarni 17,2 foizga, qurilish ishlarini 15 foizga va qishloq xo‘jaligini 6,6 foizga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 6,2 milliard dollar investisiya jalb etish va 2,8 milliard dollar eksportni ta’minlash mo‘ljallangan.

Bundan buyon tumanlar salohiyatini sun’iy intellekt yordamida tahlildan o‘tkazib, sanoat, investisiya va eksport bo‘yicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda «Raqamli taraqqiyot – sun’iy intellekt markazi»ni ochish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Viloyatda sanoatni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga investisiya va eksportni ko‘paytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi aytildi.

Joriy yilda 883 ta mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ishga joylashtirish, 37 ming norasmiy ish o‘rnini legallashtirish va 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Sanoatdagi qo‘shimcha o‘sish manbalari sifatida qator yangi loyihalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyo‘l tumanida «Tinchlik» kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida «Parkent Pharm» erkin iqtisodiy zonasi, O‘rta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qo‘ziqorin yetishtirish va shirin makkajo‘xori ishlab chiqarish, Yangiyo‘lda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, chorva va parranda go‘shti yetishtirish hajmi hanuz poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun yetarli emas. Shu bois, Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu yerda Qo‘ychilik va echkichilik ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, 50 ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelish rejalashtirilgan. Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi balansidagi o‘rmon bilan qoplanmagan 60 ming gektar yaylovni auksion orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi.

Umuman, 2026 yilda 2,1 trillion so‘mlik 78 ta chorvachilik loyihasi amalga oshirilib, 496 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, bog‘ va uzumzorlar barpo qilish rejalashtirilgan.

Parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish quvvatiga ega, qiymati 45 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, piyoz va sarimsoqdan gektariga olinayotgan daromad g‘alladan bir necha o‘n barobar yuqori. Shuning uchun Ohangaronda g‘alla maydonlarini yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish taklifi ma’qullandi.

Qisqa vaqt ichida Bo‘stonliqdagi «Amirsoy» qishki kurort majmuasi va «Beldersoy resort» maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Parkentda «Oltin bel» cho‘qqisi va unga tutash hududda mehmonxona,«shale» uslubidagi uylar, dam olish va ko‘ngilochar majmualarni o‘z ichiga olgan tog‘-chang‘i kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa «Moviy tog‘lar» dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.

Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida «turizm qishloqlari», Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida «Kumushkon» turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming o‘ringa yetkazish ko‘zda tutilgan.

Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini 600 million dollarga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 millionga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda viloyatning «og‘ir» toifadagi va «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi» tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 milliard so‘m ajratilgani qayd etildi. Aholi mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizasiya va yo‘llar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 145 ta mahalladagi 121 ta eskirgan transformator yangilanib, 443,6 kilometr elektr tarmoqlari almashtiriladi.

Yig‘ilishda yirik ijtimoiy va innovasion loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan «Tashkent Medical Smart City» xalqaro innovasion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida 35,4 million dollarlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga 20 million dollarga yetkazish, 670 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash, «yashil iqtisodiyot» va yoshlarga oid siyosat borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz mutasaddilarga viloyat islohotlar shtabi bilan birgalikda mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan har bir dastur va loyihaning aniq natija berishini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna ko‘rsatish mas’ullar faoliyatining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi belgilandi.

Kiritildi: 22:00 08.04.2026. O'qildi: 233 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!