Parijda 500 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Bu ovoz berish Parijda so‘nggi bir necha yil ichida o‘tkazilgan uchinchi shunday referendum bo‘ladi, deb xabar beradi DW.
DW ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berish shahar ma’muriyatining avtomobillar harakatini cheklash va havo sifatini yaxshilash tashabbusi doirasida o‘tkazilmoqda. Parijdagi referendumda ilk bor 16 va 17 yoshli o‘smirlar ovoz berishlari mumkin bo‘ladi, ilgari faqat 18 yoshdan oshganlargina ovoz berishlari mumkin edi.
Reuters agentligiga ko‘ra, agar referendumda tashabbus qo‘llab-quvvatlansa, shahar 10 mingga yaqin avtoturargohdan mahrum bo‘ladi. 2020 yilda ham xuddi shunday miqdordagi avtoturargohlar olib tashlangan. Piyodalar uchun qaysi ko‘chalar belgilanishi hozircha aniqlanmagan.