Paragvayda yirik bankning faoliyati to‘xtatilishi mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Poytaxt Asunsyonda yuzlab omonatchilar o‘z mablag‘larini qaytarish talabi bilan namoyishlarga chiqmoqda.
Inqirozga qariyb 3 million mijozga ega Ueno Bank raqamli bankining moliyaviy muammolari sabab bo‘lgan. Paragvay Markaziy banki 3 noyabr kuni muassasa faoliyatini to‘xtatib, uni nazoratga oldi.
Shundan so‘ng mijozlar hisobraqamlaridagi pullardan foydalanish imkoniyatini yo‘qotdi. Bank filiallari oldida uzun navbatlar paydo bo‘lib, omonatchilar ikki kun davomida o‘z mablag‘larini qaytarishni talab qildi.
Moliyaviy inqiroz siyosiy tus ham oldi. Namoyishchilar prezident Santyago Penyaning iste’fosini talab qilmoqda. Muxolifatning 35 nafar deputati esa davlat rahbariga nisbatan impichment jarayonini boshlash tashabbusini ilgari surdi.
Paragvay Markaziy banki vaziyatni nazoratga olish va omonatchilar mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.