Insoniyat umumiy dushman - koronavirus bilan kurashmoqda, shu tufayli barcha urushlarda tanaffus qilib turish kerak, degandi mart oyi oxirida BMT bosh kotibi. Dunyo uning chaqiriqlariga e’tibor qaratmadi va harbiy nizolarni davom ettirdi. Nima uchun?
O‘tmishda Yevropada kuzatilgan halokatli epidemiyalar insoniyatni tezroq murosaga keltirgan: XIV asrdagi vabo fransuzlar va inglizlarni Yuz yillik urushni yakunlab qurollarni qinga solishga va sulh tuzishga majburlagandi. Yuz yil muqaddam «ispanka» epidemiyasi ham urushuvchi tomonlarning sillasini quritib, Birinchi jahon tezroq yakunlanishiga «xizmat qilgandi».
Bugun esa zambaraklar tinmayapti. BMT rahbarining urushni karantinga jo‘natishni so‘rab qilgan murojaatlari ham, Rim papasining birdam bo‘lish va jipslashishga chaqirgan so‘zlari ham, gumanitar tashkilotlarning bir paytda urush va virus balosi qarshisida ojiz qolgan odamlarning aholi haqidagi ogohlantirishlari e’tiborsiz qoldirildi, deydi "Kun.uz".
Pandemiya davrida ham yana yuz minglab odamlar uysiz qochqinlarga aylandi.
«Odamlar urushda o‘layotgan va urush tufayli uylarini tashlab ketib, ochlikka mahkum bo‘layotgan mahalda BMT Xavfsizlik kengashi a’zolalari xuddi qum maydonidagi bolalar kabi bahslashishmoqda. Hozir bolalar o‘yini vaqti emas», deya g‘azabini yashirmaydi Norvegiya qochqinlar bo‘yicha kengashi rahbari Yan Egelann.
BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari - beshta yadroviy barqudrat davlat (derjava) o‘zaro doimiy kelishmovchiliklar tufayli global sulh bo‘yincha rezolyusiya qabul qila olishmadi.
Hujjatning birinchi varianti uning matnida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nomi eslab o‘tilgani tufayli AQSh tomonidan rad etildi - Amerika hukumati bu tashkilotni Xitoy bilan qalin aloqalari tufayli ayblab kelmoqda. JSST eslanmagan ikkinchi va 90 kunlik sulhni nazarda tutgan rezolyusiya esa hali muhokama qilinmadi.
Agar yirik davlatlar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi chaqiriqlar atrofida birlasha olishmasa, bir necha davlatlar va terrorchi guruhlar ishtirokidagi qurolli harakatlar to‘xtamaydi.
Hal qiluvchi qat’iy harakatlarni amalga oshirish imkoni boy berildi.
BMTning Inqirozlar bo‘yicha xalqaro guruhi vakili Richard Gouanning hisoblashicha, diplomatlar bahslashishni davom ettirayotgan vaqtda sulhga erishish uchun imkoniyatlar darichasi yopildi.
Urush ketayotgan joylarda koronavirus yanada o‘limvor: shifoxonalar vayron qilingan yoki haddan ortiq yuklama bilan ishlamoqda, harbiy harakatlar tufayli xalqaro missiyalar shifokorlari bemorlar joylashgan hududlarga yetib bora olmayapti. Sog‘lom odamlar ham jabr chekishmoqda: siyosatchilar harakatsizligicha qolar ekan, odamlar och qolmoqda, deya ogohlantiradi BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi.
Tashkilot rahbari Devid Bizlining aytishicha, hozirdayam o‘nlab davlatlarda milliondan ortiq kishi ochdan o‘lish xavfi ostida yashamoqda, vaziyat yanada yomonlashsa 30ga yaqin davlatda ocharchilik boshlanishi mumkin.
Xalqaro valyuta fondi baholariga ko‘ra, pandemiya va uning oqibatlaridan asosan nizolar tufayli kuchsizlashgan davlatlar katta zarba oladi.
Umuman olganda, fond prognozlariga ko‘ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari iqtisodiyoti bu yili 7 foizga qisqaradi, holbuki o‘tgan yili bu hududlarda 2,6 foizlik o‘sish qayd etilgandi. Daromadlar jiddiy ravishda pasayadi, pul o‘tkazmalari to‘xtaydi - bu esa xorijdagi qarindoshlari yuboradigan pullarga qaram bo‘lgan ko‘pchilik uchun yashab qolishning yagona manbasi hisoblanadi.
Amerikalik tadqiqotchilar, terrorchi guruhlar qashshoqlik tufayli yoshlarni yollashi osonlashishidan xavfsirashmoqda.
Hamon urushlar davom etmoqda
Dunyodagi 200dan ortiq davlatdan 30-40tasida qurollli harakatlar davom etmoqda. Ularning aksaridagi tomonlar sulh tuzmoqchi emas.
«Qurolli ziddiyatlar hududi haqida ma’lumot yig‘ish dasturi» (Acled) 43ta davlatni sanagan, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) esa o‘z tadqiqotlarida 33 raqamini keltirgan.
IISS hisobotida mualliflar so‘nggi yillarda urushlar tusi o‘zgarganini qayd etishgan.
Urushda birato‘la bir necha qudratli davlatlar ishtirok etayotgan bo‘lsa va bu davlatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam armiya orqali emas, o‘z ta’siridagi kuchlar - isyonchilar, jangarilar, yollanma askarlar, terrorchilik tarmoqlari va boshqa jinoiy tashkilotlar orqali urush olib borayotgan bo‘lsa tinchlik muzokaralari o‘tkazish yanada qiyinlashib ketadi.
Shu tufayli, dunyodagi urushlarning 60 foizi 10 yildan kam davom etmasligi ajablanarli emas.
Acled hisob-kitoblariga ko‘ra, BMTning tinchlik chaqirig‘iga 43 davlatdan faqat 10tasida reaksiya qilingan, shundan faqat 2ta davlatda harbiy harakatlar chindan to‘xtatilgan.
«31 davlatdagi urushlar ishtirokchilari global sulh haqidagi chaqiriqlarni nafaqat inkor etdi, ba’zi joylarda, masalan, Iroq, Meksika, Mozambik va Braziliyada harbiy harakatlar yanada faollashdi. Umuman olganda, global tinchlikka chaqiriqlar natija bermadi», deyiladi Acled hisobotida.
Guruhlardan davlatlargacha
Dunyoning turli davlatlaridagi bir necha harbiy guruhlar urush boltasini ko‘mishga rozi bo‘lishdi, ammo ko‘p hollarda faqat yoki qisqa muddatga tinchlik o‘rnatildi, yoki ikkinchi tomon harbiy harakatlarni to‘xtatishga qo‘shilmadi, demakki, haqiqiy sulhga erishilmadi.
Evropa tinchlik instituti rahbari Maykl Kitingning fikricha esa, ko‘plab guruhlar qurollarni topshirish o‘rniga aksincha, virus keng tarqalishidan foydalanib, o‘z pozisiyalarini mustahkamladi.
«Ular birinchi navbatda epidemiya o‘zlariga qanday yordam berishi mumkinligini o‘ylashdi. Turli muxolif guruhlar koronavirusdan foydalangan holda shu vaqtgacha qila olmagan ishlarini qilib olishni ko‘zlashmoqda», deya ekspertning so‘zlarini keltirgan Financial Times.
Masalan, Somalidagi «Ash-Shabob» guruhi xristianlarni koronavirus tarqalishida ayblashgan, kasallikni esa musulmonlarga bo‘lgan yomon munosabat uchun jazo sifatida baholashgan.
«Tolibon» Afg‘onistonda vaziyatdan qamoqxonalardagi safdoshlari chiqarib olinishida foydalanmoqda.
ISHID vakillari esa koronavirusni Allohning G‘arb dunyosiga qarshi yuborgan askarlari deb atadi.
«Boko Haram» jangarilari esa Sahroyi kabir atrofidagi hududlarga (Chad, Mali, Niger, Mavritaniya va Burkino-Faso) hujumlarni faollashtirdi.
Amerikalik olimlar Nisha Bellinjer va Kayl Kattelmanning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus qashshoq davlatlarni yanada qashshoqlashtirmoqda va bu terrorchi guruhlar o‘z saflarini to‘ldirishida qo‘l kelmoqda.
«Boko Haram» ancha vaqtdan buyon qashshoq oilalarning farzandlarini yollashga odatlangan, Pokistondagi Kashmirni Hindistondan ajratib olish uchun kurashuvchi «Lashkari Toyiba» va «Jayshi Muhammad» guruhlari ham guruhga sodiqlik uchun jangarilarning oila a’zolariga yordam va’da qiladi.
Dunyo virus bilan kurashda band bo‘lib, boshqa frontlar haqida unutganidan foydalangan ISHID Suriya va Iroqda qator hujumlarni amalga oshirdi va bu bilan ushbu radikal guruh mintaqada o‘zini tiklashi bo‘yicha xavotirlarni tasdiqladi.
Washington Institute mutaxassisi Aaron Zelinning so‘zlariga ko‘ra, guruhning «uyqudagi bo‘limlari» harakatga kelgan, AQSh ISHID ustidan uzil-kesil g‘alaba qozonilgani haqida e’lon qilganida ham jangarilar Iroq va Suriya shimolida mavjudligini saqlab qolgandi. Bu bo‘linmalar prezident Bashar Asad rejimidan norozi bo‘lganlarni osonlik bilan o‘z safiga yollamoqda.
Ramazon oyida Iroqda 300dan ortiq hujum ro‘y berdi va buning oqibatida 400dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Bundan tashqari, ISHIDning turli filiallari Suriya, Misr, Nigeriya, Niger, Kongo va Mozambikdagi hujumlar uchun javobgarlikni zimmasiga olgan.
Kimlar sulh e’lon qildi va bu qanday davom etdi: