O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yaqinda vafot etgan aktyor Abdurayim Abduvahobovni xotirladi.
"Bu nafaqat o‘zbek san’ati, balki o‘zbek xalqi uchun og‘ir judolikdir!
San’at olamidagi yorqin yulduzlarning so‘nishi, ayniqsa, u el qalbidan joy olgan inson bo‘lsa, har bir xonadon ahlini chuqur qayg‘uga solishi turgan gap.
Bugungi mudhish xabarni eshitib, ochig‘i, o‘zimga kelishim qiyin bo‘ldi. Biz sevgan aktyor, o‘zining takrorlanmas rollari bilan butun kino va teatr ixlosmandlari yuragidan joy olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurayim Abduvahobov endi oramizda yo‘q.
O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori bo‘lgan ustoz san’atkorimiz o‘zining kattayu kichik rollari bilan tomoshabinlar qalbida bir umrga muhrlanib qoluvchi obrazlar yaratdi. Ayniqsa, biz bolaligimizdan sevib tomosha qiladigan “Shum bola” filmi millionlab qalblarga kirib bordi. Bunday ijod va ijodkor har birimizning dilimizda abadiy yashashi aniq. Marhumning yaqinlari va oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz", deb yozdi Nazarbekov instagramdagi sahifasida.