Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Ozarbayjonning Fuzuliysi: bosqin unutildi, hayot jonlanmoqda

Ozarbayjonning Fuzuliysi: bosqin unutildi, hayot jonlanmoqda

2020 yil, 17 oktyabr. Ozarbayjon Respublikasi Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev xalqqa murojaat qilib, Fuzuliy shahri Armaniston ishg‘olidan ozod etilganini ma’lum qildi. Adolat, ozodlikka bo‘lgan intilish, hurlik tantana qildi. Fuzuliyning ko‘ksiga shamol tegdi.

Ozarbayjonning Fuzuliysi: bosqin unutildi, hayot jonlanmoqda

Ozarbayjondagi eng yirik aholi punktlaridan biri – Fuzuliy shahriga 1827 yilda asos solingan. 1930 yilda Fuzuli-Agdam avtomobil yo‘lining ikki tomonidagi G‘ozluchay, Kendelenchay, Arazboyu va boshqa qishloqlar bilan Garabulog‘da Garyagin degan tuman tashkil topdi. 1959 yilda buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliy tavalludining 400 yilligi munosabati bilan tuman Fuzuliy nomi bilan ataldi. Tuman 1 shahar va 78 qishloqdan iborat edi.

Bosqingacha viloyatda 86 ta umumta’lim maktabi, 2 ta kasb-hunar maktabi, 54 ta bolalar bog‘chasi, 10 ta musiqa maktabi, 27 ta klub, 2 ta muzey, 90 ta kutubxona, 13 ta kasalxona, feldsherlik punktlari bor edi.

1993 yil 23 avgust. O‘sha mash’um kunda Armaniston qurolli kuchlari viloyatning 58 ta qishlog‘i va Fuzuliy shahrini bosib oldi. Fuzuliy tarixiy va diniy yodgorliklarga boy, xususan, uning hududida ko‘plab maqbaralar mavjud edi. Ammo hudud arman istilosi davrida vandalizmga uchradi. Uylar va tarixiy obidalar butunlay vayron bo‘ldi. Shuningdek, XII asrga oid qabriston, Mirali maqbarasi (XVII asr), Jalil maqbarasi, XIX asrda qurilgan masjid, Imomzoda maqbarasini vayron qilishdi.

Eng achinarlisi, arman bosqini natijasida 1100 nafardan ortiq inson shahid ketdi, 181 kishi bedarak yo‘qoldi. 36361 nafar bola jabr ko‘rdi, ulardan 155 nafari yetim qoldi.

Ozarbayjon armiyasining Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrda boshlanib, 2020 yil 9 noyabrgacha davom etgan muvaffaqiyatli qarshi hujumi natijasida Fuzuliy shahri va 53 ta qishloq ozod qilindi.

Bugungi kunda hududda ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan eng so‘nggi zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan maktab barpo qilindi. Bundan tashqari, boshqa obidalar, binolar qayta tiklandi. Ayni damda Fuzuliyda hayot yana jonlanmoqda.

Ozarbayjon Prezidentining Ag‘dam-Fuzuliy-Xo‘javand bo‘yicha maxsus vakilligi maslahatchisi Islom Mamedxanovning ma’lum qilishicha, Armaniston bosqinidan oldin shaharda 20 000 nafar aholi yashagan bo‘lsa, hozirda 822 xo‘jalik, ya’ni 3300 kishi istiqomat qilmoqda.

2040 yilga qadar Fuzuliy shahrini 50 ming kishilik shaharga aylantirish rejalashtirilgan.

Maqola O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan uyushtirilgan press-tur asosida tayyorlandi.

Kiritildi: 21:57 12.11.2024. O'qildi: 1111 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!