Ozarbayjon bojxona xodimlari yirik xalqaro giyohvand moddalar kontrabandasining oldini olishdi
Eron-Turkiya yo‘nalishida Naxichevon Avtonom Respublikasi orqali harakatlanayotgan yuk mashinasida 77 kilogrammdan ortiq giyohvand modda topildi.
Oxu.Az nashrining Ozarbayjon Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bergan ma’lumotga asoslanib xabar berishicha, Naxichevon bosh bojxona boshqarmasiga qarashli "Sadarak" bojxona punktida Eron Islom Respublikasidan Turkiya Respublikasiga yo‘l olgan, Turkiya fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtomobili sinchiklab ko‘zdan kechirildi. Tekshiruvda xizmat itidan ham foydalanilgan.
Yuk sifatida olib kelingan devor panellari orasida aniqlanishi qiyin usullarda yashirilgan, kumush rangli folga bilan o‘ralgan 24 dona o‘ram topildi. Bu o‘ramlarda jami sof og‘irligi 77 kilogramm 150 gramm bo‘lgan giyohvand modda — marixuana borligi aniqlangan.