Biroq ushbu o‘zgarishning dastlabki muhim saboqlari 2020 yildagi Ikkinchi Qorabog‘ urushi davomidayoq namoyon bo‘lgan. Bu haqda britaniyalik siyosatshunos Taras Kuzio Eurasia Review nashridagi maqolasida yozgan.
Uning fikricha, Ozarbayjon va Ukraina Turkiya hamda NATO standartlariga mos harbiy tayyorgarlik usullarini qo‘llash orqali muvaffaqiyatga erishgan. Bunday usullar kichik komandirlar institutini rivojlantirish, jangovar vazifalarni bajarishda vakolatlarni quyi bo‘g‘inlarga berish, moslashuvchan taktika, shahar sharoitida jang olib borish, radioelektron kurash vositalariga qarshi choralar ko‘rish va jang maydonida shaxsiy tibbiy vositalardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Muallif ta’kidlashicha, ularning raqiblari — Armaniston va Rossiya qo‘shinlari — sovet davridan qolgan iyerarxik boshqaruv tizimi, zaif aloqa, eskirgan tibbiy ta’minot va harbiy xizmatchilarga nisbatan yetarlicha e’tibor berilmasligi kabi muammolarni saqlab qolgan.
Kuzio Armanistonning ko‘plab yuqori martabali ofiserlari front chizig‘iga yaqin hududlarda bo‘lgani sababli halok bo‘lganini qayd etadi. Uning fikricha, kichik komandirlar tizimining yetarlicha rivojlanmagani Rossiya armiyasida ham yuqori ofiserlar orasida katta yo‘qotishlarga olib kelgan. Muallif bu qo‘shinlarning harbiy harakatlari oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lganini ta’kidlaydi.
Siyosatshunosning yozishicha, G‘arb va Turkiya standartlari asosida tayyorlangan qurolli kuchlar dronlar bilan to‘yingan havo makoni sharoitiga moslashib, maxsus operasiyalar bo‘linmalariga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan.
Shu bilan birga, uning fikricha, NATOning aksariyat armiyalari va ularga qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi kompaniyalar bu saboqlarni hali sekin o‘zlashtirmoqda. Ular XX asr uslubida jang olib boradigan raqiblarga qarshi samaradorligini ko‘rsatgan nisbatan arzon vositalar va harbiy tayyorgarlikni isloh qilish o‘rniga, qimmatbaho an’anaviy qurol-yarog‘ tizimlariga ustuvor ahamiyat berishda davom etmoqda.