Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Ovqatning uvoli yo‘qmi, odamlar?!

Ovqatning uvoli yo‘qmi, odamlar?!

Toki insoniyat, jamiyat mavjud ekan, to‘ylar haqidagi bahslar tugamaydi. Xalqimiz baxtli damlarini do‘stlar davrasida baham ko‘rgisi keladi. Mehmonlarni har kim, har xil kutadi, dasturxonni har xil yozadi hamda o‘zining bilganlaridan, ko‘rganlaridan kelib chiqib, dasturxon tuzaydi.

Yaqinda bir to‘yda ishtirok etdim. Voy-ey, yaxshiyam stolning oyog‘i to‘rtta ekan. Uchta bo‘lsa ham, ikkita bo‘lsa ham ustiga ortilgan yuklardan sinib tushardi. Qazi qartalar, tandir go‘shtu o‘nlab xil salatlar, eng sarxil mevalar, ichimliklar va hakozo...

Odamlar birinchi ovqatdan tatib ko‘rishdi-yu, ko‘pchiligi ikkinchi taomga qo‘l ham uzatmadi. Yana, 500 odamni taklif qilishibdi. Bir kishi yeydigan ovqatga 250-300 ming so‘mdan to‘lashibdi. Buni 500 kishiga ko‘paytirsak, 150 000 000 so‘m bo‘ladimi? Yana spirtli ichimliklarning puli alohida, to‘ychilarning hisobidan. Stol ustida ovqatlar qolib ketdi shundaygina.

Ovqatning uvoli yo‘qmi, odamlar? Ocharchilikda ko‘rgan kunlarini so‘ylab bergich momolarimiz, bobolarimizdan qolganmi, azizlar?!

Xatirchilik Umida xolamning hikoyalaridan bittasini aytsam: “O‘n-o‘n bir yoshli qizchalar edik. Hosili o‘rib olingan bug‘doyzorlarga, yerga to‘kilib qolgan boshoqlarni tergani chiqardik. Dugonalarimiz ichida Nazira ismli qizcha bor edi. U hammamizdan ko‘ra nochorroq edi. Onasining titilib ketgan kuylagini kiyib, beliga ip boylab chiqqan edi. Oyoqlari yalang, sochlari bitlab, patila bo‘lib, boshiga bitib qolgan. Yorilib, qotirma bo‘lgan oyoqchalari tikan kirganini ham sezmasdi (aslida hammamiz shunday edik).  Hali mollar yeb ketmagan joydan, bittalab boshoq terib, yarim kunda bir hovuchdan yig‘ib oldik. Hammamizning og‘zimiz qulog‘imizda, bugun hech bo‘lmasa, yovg‘on atala ichamiz.

Shu payt uzoqdan g‘alla brigadir ot yeldirib kela boshladi. U to‘q edi, u kuchli edi, u boy edi... Xudodan qo‘rqmaganlar ham undan qo‘rqardi. U dildirab turgan qizchalarning boshlariga, yuzu ko‘zlariga qamchi soldi. Emaklab boshoq terayotgan Nazira qocholmadi. Uning to‘rvachasini tortib olib, bir hovuch yarim yorti bug‘doylarni (hammamizning tergan boshoqlarimizni ham) dalaga sochib yubordi. Onamizdan haqoratladi. Senlar xalq dushmani, dedi. Otalarimiz, akalarimiz frontda edi. Urushga bormagan bu odam qishloqda hammadan zo‘r edi, hamma undan qo‘rqardi. Qochishga madori yo‘q Nazira hammadan ko‘p kaltak yedi. Dala o‘rtasida sulayib qoldi.

Biz, dugonalari uning oyoq qo‘llaridan, belidan ushlab sudradik. Ko‘zingni och, dugonajon, deb yalindik. Uyimizda bor narsalardan beramiz, deb so‘z berdik. Kimdir yirtiq choriq, kimdir qog‘ozi (o‘g‘it solingan qog‘oz xaltaning bo‘lagi)ni, kimdir to‘zg‘igan kigiz (nimcha qilib kiyadi deb), men esa enamdan beruxsat, qirq odam ko‘z tikib turgan, sigirimizning yelinidagi sutdan bir qoshiq va’da qildik. U faqat sut degan joyda, lablarini qimirlatib, enamga ber, deganday, bo‘ldi. So‘ng nafas ham olmay qo‘ydi. Dugonalarimizdan biri, u o‘ldi, dedi. Biz olti qizaloq o‘lik dugonamizni shu sudraymiz, hech uyiga yetolmaymiz... To‘rtovlon murdaga qarab turadigan bo‘ldi, ikkovimiz uyiga chopdik.

Borsak, to‘shanchilari ham sotib yuborilgan uyda, quruq yer ustida, ota-onasi ochlikdan shishib yotibdi, ingrab, non so‘rab yotibdi.

- Nazira, keldingmi, - dedi onasi sharpani sezib, - bug‘doy terib keldingmi?

- Yo‘q, Uljon xola, Nazirani g‘alla brigadir urib o‘ldirib qo‘ydi, ko‘tarib kelolmayapmiz, - dedim.

Onasi bir yomon oh tortdi-da, ko‘z o‘ngimizda o‘lib qoldi. Otasi ingrab yotaverdi. Uydan chopib chiqsak, ko‘chada ham, uylarda ham odam yo‘q. Qishlog‘imizda qo‘lidan ish keladigan yagona erkak, boshoq tergan bolalarning qanchasini urib o‘ldirgan – g‘alla brigadir edi.

Dugonamning o‘ligini bir amallab sudrab, uyiga olib kelsak, otasi ham o‘lib qolibdi. Urushdagi navqiron, pahlavon akasidan qora xat kelgan edi...  Uch o‘lik uylarida bir necha kun sasib yotdi. So‘ng ikkita boboy topilib, yuvmay ham, naridan beri ko‘mib kelishdi. Agar o‘sha kuni Nazira tergan bir hovuch bug‘doyni anavi qattol, qishloqdagi “fashist” sochib yubormaganida, dugonamni urib o‘ldirmaganida, uch odam tirik qolgan bo‘lardi...

Ovqatning uvoli yo‘qmi, odamlar? Qonunlar to‘yga keluvchilarning sonini tartibga soladi, yaxshi. Ammo dasturxonni o‘zimiz tartibga solaylik. Aslida, bir burda bug‘doy non, bir choynak ko‘k choy, bir kaft mayizdan totli yana nima bor?

Yana bir gap kelinchaklarimizning libosi haqida. Avval boshqa taqdir egasi kiygan, so‘ng yuvilib, yangiday taxlab qo‘yilgan kelin ko‘ylakni falon so‘mga nega olasiz? Nega, qizlarjon? Yelkasi, ko‘kragi, qo‘ltig‘i ochiq, sizning iffatu nazokatingizni bir pul qiladigan, qimmat matoh kerakmi, sizga? Nega Kumushbibi bo‘lib, Mukarramaxonim bo‘lib kiyingingiz kelmaydi?

O‘zingiz kelin bo‘lib, qiz kabi azizu mukarram bo‘lib boradigan xonadoningiz yuziga qandoq oyoq qo‘yasiz? Qani ibo, hayo, uyalib turishlaringiz? Siz shunday o‘zbekona liboslar kiyingki, o‘zga yurtdagilar havas qilsin. Bizning bozorlarimizdan harir shoyilar, atlasu beqasamlarni izlashsin.

Yaqinda Samarqand davlat universiteti talaba qizlari bilan uchrashuvimizda shu fikrlarni aytdim. Yoshlar nomidan men xat qilib beradigan, aqlli qizlarimiz imzo chekadigan bo‘lishdi. Yurtimizdagi barcha qizlar, bo‘lajak kelinchaklar bizning fikrimizga qo‘shilarmikin? Milliy matolarimizdan tikilgan, milliy liboslarni kiyarmikan? Kimda bor shunday jasorat? Ha, endi to‘y to‘yday bo‘lsinda! Sharqona, o‘zbekona, millatimizga xos bo‘lsin!

Xosiyat BOBOMURODOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira,

O‘zA

Kiritildi: 21:30 18.10.2019. O'qildi: 2463 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!