Adliya vazirligi Ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 2431-5, 21.11.2025 y.). Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt asosida o‘qish uchun to‘lov quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi: ▪️ to‘lov miqdorining kamida 25 foizi – abituriyentlar uchun 15 sentabrgacha hamda yuqori bosqich talabalari uchun 1 oktabrgacha yoki oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha; ▪️to‘lov miqdorining kamida 50 foizi 1 yanvargacha, 75 foizi 1 martgacha va 100 foizi 1 maygacha yoki oliy ta’lim tashkiloti rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha amalga oshiriladi. Bunda, Davlat komissiyasi yuqoridagi to‘lov muddatlarini uzaytirishi mumkin. Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlari o‘z talabalarini ijtimoiy muhofaza qilish doirasida 1 yilda bir talabaga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 6 barobarigacha moddiy yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.