Bugun 1 may, 2026 yil, juma

КИР

Otinoyilar kerak emasmi?

A A A
Otinoyilar kerak emasmi?

Oldingi ish joyim — “Movarounnahr” nashriyoti Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti bilan yonma-yon bo‘lgani uchun, ma’had qizlari bizga maqolalar berib turishardi. Shu va turli tadbirlar bahonasida ularning ko‘pchiligi bilan ancha yaqin bo‘lib ketgandim. Keyin ham bir-birimizdan xabarlashib turardik. “Qayerda ishlayapsiz?” degan savolimga ko‘pchiligidan “O‘quv markazida arab tilidan dars beryapman” yoki “Uydaman”, singari javoblarni eshitardim. Ularning bilimi, odob-axloqi, hayot  tarzi bilan shaxsan tanish bo‘lganim uchun “Nega shunday yaxshi kadrlarga munosib joy yo‘q?” deb o‘ylardim. Bugun shu va shu kabi o‘ylarimizni institutning talaba qizlar bilan ishlash bo‘yicha uslubchisi Zilola Suyarova bilan birga o‘rtoqlashdik.

– Bu mavzu meni ham qachonlardan beri o‘ylantiradi, – gap boshladi Zilola opa. –  Ma’hadni bitirganlarni ishga joylashtirish juda katta muammo. Ayniqsa, qizlarimizning diniy libosdaligi muammoni yanada kattalashtiradi. Bo‘lmasa, hamma korxona, tashkilot dinni yaxshi biladigan xodimga, ya’ni, toza islomshunosga muhtoj. Xususan, otinoyilar ichida yaxshi mutaxassisning yetishmasligi ko‘p bahslarga sabab bo‘lmoqda. Chunki ular orasida islomshunos bo‘lgani barmoq bilan sanarli. Vaholanki, otinoyilar qayta-qayta attestasiyadan o‘tishadi. Lekin attestasiyaga xos savollarga javoblarni yodlashadi. Bu esa, ya’ni ma’lum narsalarnigina bilishi otinoyining saviyasini belgilab bermaydi. Qur’onni, tajvidni, aqidani, fiqhni, islom tarixini puxta bilmasa, bilganlarini hayotga tatbiq qilish ko‘nikmasi bo‘lmasa, ayollar jamoasini yig‘ib nimalar haqida ma’ruza qiladi? Yana o‘sha qissalarni takrorlaydi. “Payg‘ambarim”, “Payg‘ambar alayhissalom aytdilar”, “Payg‘ambar alayhissalomdan so‘rashdi”, deb turib yolg‘on xabarlarni aytib yuboraveradi. Lekin bu o‘rinda faqat otinoyilarni ayblolmayman. Sababi, ularga ilm o‘rgatadigan dargohlarimiz kam.

– To‘g‘ri, hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan otinoyilar haqida yaxshi gaplar ko‘p, biroq tanqidlar ham yo‘q emas.

– Chunki ko‘pchilik otinlarimiz turli sohalarda ishlab, charchagan. Ulardan ko‘p narsa kutib bo‘lmaydi. Buni nega ishonch bilan aytyapman? Aksariyatini taniganim, muloqotda bo‘lganim, yaqindan bilganim uchun.  Bugungi ayollar jamoasining esa dindan ancha-muncha xabari bor. Ochig‘ini aytganda, hozirgi globallashuv jarayonlarida, turli xil axborot xurujlari tahdid solib turgan bir paytda xotin-qizlarimizni ertak va rivoyatlar bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Lekin agar otinoyi hayotiy tajribaga ega, islomshunos  bo‘lsa-chi? Yolg‘iz qolganda ham, odamlar orasida ham bu din unga omonat ekanini tushunib ish qiladi. Jamoatga kirganida nimadir yetkazayin, ajrimni Alloh beradi, deydi. Tugun-tersakka ko‘z tikmaydi. Qo‘liga pul tiqishtirilsa, “Menga pul bermang, faqat aytganimni qiling, bugun siyratdan ikki sahifa o‘qing, bitta hadis yodlang, kunim qanday o‘tdi deb o‘zingizni imtihondan o‘tkazing”, deydi.

– Bir mavlidga borganimizda otinoyi yaxshi gaplar gapirdi, chiroyli duolar qildi. Tadbir oxirlaganda, ayollar pul ko‘tarib u tomon yura boshlashdi. “O‘g‘limni duo qiling, uylantirvolay”, “Qizimni duo qiling, farzandli bo‘lsin”, “Xo‘jayinimni duo qiling, tuzalib ketsinlar...” “Pulingiz kerak emas, shundoq ham duo qilaman”, dedi. Yo‘q, qo‘ymay uzataverishdi. “Mayli, kitob olarman bu pullarga”, dedi otinoyi...

– Demaslik kerak edi. “Robbana, atina...” duosini o‘qib, mana shu duoning ichida hammasi jamlangan, deb qat’iy misol bilan bu ishni to‘xtatishi kerak edi. Bunaqa ishlar ko‘p bo‘ladi. Davralardan birida menga ham pul uzatishdi. Yonimdagi tanish ayol uzatganga “shafoatchi” bo‘ldi: “Oling, Zilolajon, dili ketdi-da, ko‘nglidan chiqarib beryapti, ixlos qilyapti...” dedi. “Cho‘ntagidan chiqyapti-ku, – dedim. – Juda bergingiz kelsa, muhtojlar bor, o‘shalarga ulashing. Bugun aytganlarimga amal qilsangiz, hamma joyda duo qilaman”.

Siz bilan mening vaqtim yo‘q, ko‘p ham borolmaymizu, aksariyat uyda o‘tiradigan ayollarimizning vaqti mavlid marosimlarida o‘tadi. Lekin Payg‘ambar alayhissalom qayerda tug‘ilganlarini so‘rasangiz, “Makkai Madinada” deyishadi. “Qaysi birida?” desangiz, “IYE, ikkovi ikkita shaharmi?” deydiganlar ham bor. Ular boradigan mavlidlarni otinoyilar o‘tkazishini hisobga olsak, nima demoqchiligim ayon bo‘ladi. Endi yaxshi islomshunos nima qiladi? Mavlid marosimini siyrat tadbiriga aylantiradi. Payg‘ambar alayhissalomga mo‘’jiza qilib berilgan 63 yillik umrlari davomida jamiyatda bo‘ladigan yutug‘u kamchiliklardan nima chetda qoldi? Bir odamning hayoti davomida boshidan kechiradigan nimaiki bo‘lsa, u zotning muborak hayot vaqtlarida bo‘lib o‘tdi. Haqiqiy mutaxassis-otinoyi shulardan gapiradi. Ovqat ketidan ovqat tashiyotgan kelinlarni ham dasturxon boshiga, ma’ruza eshitishga chorlaydi. Ko‘ngillarga yorug‘lik beradi, dillarda umid uyg‘otadi. Nokamtarlikka yo‘ysangiz ham aytay, bular o‘zimning tajribalarimdan. Ko‘pincha yarim soatga deb boraman, suhbatlarimiz to‘rt soatlab cho‘ziladi.

– Shu o‘rinda bir savol, institutning talaba qizlari ham shunday bo‘lishiga ko‘zingiz yetadimi?

– Inshaalloh, shunday bo‘lishadi. Faqat bularni sindirib tashlamaslik, ko‘kragidan itarmaslik kerak. Misol keltiraman. Bir kursdoshim bo‘lardi, bugun tuman otinoyisi. O‘sha qiz juda iste’dodli, qoriya qiz edi. Bir otinoyiga yordamchi qilmoqchi bo‘ldik. Iltimos qildik, yoningizda yuradi, ish o‘rganadi, hisobotlaringizga qarashadi dedik. Taniqli ustozlar o‘rtaga tushdi hamki, yoniga yo‘latmadi. O‘sha paytdagi qo‘rquv bilan “yo‘q-yo‘q, menga yordamchi kerakmas”, degani ko‘z oldimdan ketmaydi.

– Hozir ahvol qanday? Bilishimcha, har yili o‘nta–o‘n ikkita ayol-qizlar institutni bitirarkan... ularning taqdiri nima bo‘ladi?

– Ikkita yoki bittasi magistraturaga kiradi, ikkitasi madrasaga boradi, yana ikkitasi uy, bola-chaqa bilan mashg‘ul bo‘lib ketsa, qolgani eri bilan chet elga chiqib ketishga majbur. Lekin 2019 yilda yettita qizimiz ma’had va madrasalarga joylashishdi. Bu – katta ko‘rsatkich. Lekin baribir qamrov juda tor.

– Talaba qizlarda bir kayfiyatni ko‘p kuzataman, o‘zlari ham ishlashni xohlamayotgandek ko‘rinishadi yo adashyapmanmi?

– Xohlaydi, nega xohlamasin? Boya aytganimdek, sindirilgan bular... Yana bir narsani aytay, ularni uyg‘otolmayotgan, jamiyatga jalb qilolmayotgan bo‘lsak, biz ustozlarda ham ayb bor. “Ayol uyida o‘tirib, eriga xizmat qilishi, bola tarbiyalashi kerak, nima qiladi odamlarning ichiga aralashib yurib, fitnaga solib?” degan gaplarni ongiga quymasligimiz, “Senda jamiyatdagi odamlarning ham haqqi bor, ularga dinni yetkazishga mas’ulsan”, deb uqtirishimiz kerak. Bu yerda to‘rt yil o‘qishning o‘zi bo‘ladimi? Yuzlab talabgorlar orasidan nasibasi qo‘shilib, o‘qishga kirishning o‘zi bo‘ladimi?

Bu gaplar qizlarimizni havas bilan kelin qilib tushirganlar, tushirayotganlar, uy-ro‘zg‘or ishlariga ko‘mib tashlab, ilmini unutishiga sabab bo‘layotganlarga ham tegishli. Shundoq ham qaynonalarga: “Keliningizga faqat ishchi kuchi, bola tarbiyachisi deb qaramang, bular jamiyatga ham kerakli odamlar.

Qo‘yib bersangiz, hammasini uddalashadi. Agar shu qiz qo‘lingizga tushib, suvga cho‘kkan toshdek yo‘qolib ketsa, javobgar bo‘lasiz”, deb uqtiraman. Bu kabi nasihatlarni erkak ustozlarimiz kuyov bo‘lmish yigitlargayam aytishlarini xohlardim.

Menga qolsa, qizlarimiz  uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida, maktablarda ish o‘rni ochilishini, bolalar bog‘chalariga Islom odobi, maktablarga Islom ta’limoti fanlari kiritilishini, va eng asosiysi, bu fanlardan haqiqiy mutaxassis islomshunoslar dars berishini xohlardim. Nafaqaga chiqib, charchagan pedagogga “Siz o‘taqoling, eplaysiz, tajribangiz bor, o‘sha o‘zimiz bilgan odob haqidagi gaplar-da”, deyilsa, uyam jon deydi. Keyin, “o‘sha o‘zimiz bilgan odob haqidagi gaplar”dan nariga o‘tmaydi, o‘tolmaydi. Lekin islomshunos bo‘lsa-chi? “Din nima, qanday keldi, nega keldi, halol nima, xarom nima, oqibat nima, oxirat nima, birovning haqi nima?.....” kabilardan boshlaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlariga bog‘lab o‘rgatadi har bir narsani. Chunki bu hayotning ichida hamma narsa bor: odob-axloq, sport, shaxsiy gigiyena... Zar qadrini zargar bilgandek, bu ishning asl hikmatini ham olim, ilmiga amal qiladigan islomshunos biladi. Shunday ekan, bu kabi ishlarga institutimizni qo‘ying, madrasani bitirgan qizlarni jalb qilish ham xato bo‘lmaydi. 

Shu payt xonaga bir muddat biz bilan gazeta tahririyatida birga ishlagan Gulruh (hozirda institut talabasi) kirib qoldi. Suhbatni uch kishi bo‘lib davom ettirdik. U ham mahalla qo‘mitasiga ish so‘rab borganida bo‘lgan gaplarni afsuslanib aytib berdi. Endi bu yog‘i yana alohida mavzu. Balki keyinroq uning mulohazalarini ham yoritarman. Lekin bu maqolaga shu joyda nuqta qo‘yishni lozim topdim.

Manba: azon. uz

Kiritildi: 06:30 08.02.2020. O'qildi: 5378 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!