Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov Xitoyda O‘zbekiston delegasiyasining shtab-kvartirasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Otabek Umarov Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarining Atletlar shaharchasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston delegasiyasining shtab-kvartirasini ko‘zdan kechirdi. Umarovga Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda Oybek Kasimov boshchiligidagi O‘zbekiston MOQ rahbariyati hamrohlik qilishdi.
Tashrif davomida shaharchada delegasiya uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Atletlar yashaydigan xonalar, tibbiyot bo‘limi, mashg‘ulot va musobaqa zallariga qatnashlari uchun yo‘lga qo‘yilgan transport-logistika tizimi, sport turlari bo‘yicha musobaqalar taqvimi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, atletlar shug‘ullanadigan sport zallari, oshxonalar ham ko‘zdan kechirildi.
"OOK vise-prezidenti ayni paytda shaharchada yashayotgan sportchi va murabbiylarimiz bilan yaqindan suhbatlashdi. Samimiy muloqot davomida ularning tayyorgarligi, kayfiyati haqida gaplashib, bo‘lajak bahslarda ularga omad tiladi", — deyiladi xabarda.
Otabek Umarov bugun Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati tarkibida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.