O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga qarshi o‘yin oldi o‘tkazilgan matbuot anjumanida yordamchi murabbiy Vlado Radmanovichga Otabek Shukurov hamrohlik qildi.
U terma jamoa ertangi o‘yinga tayyorligini bildirar ekan, jumladan, shunday dedi: “Muhimi – asosiy tarkib futbolchilarining barchasi shu yerda”.
Shukurov Qatar bilan Osiyo kubogidagi uchrashuvga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Osiyo kubogi boshqa turnir, undagi natijaning qadri ham o‘zgacha edi. O‘shanda penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldik, uni lotereyaga qiyoslash mumkin. Ertangi bahsda esa Jahon chempionatiga chiqish uchun harakat qilamiz”, deydi terma jamoa tayanch yarim himoyachisi.
Qatar — O‘zbekiston uchrashuvi 14 noyabr Toshkent vaqti bilan 21:15 da “Jassim bin Hamad” stadionida start oladi.