Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Ota-onasining qotili bo‘lgan farzandlar

Ota-onasining qotili bo‘lgan farzandlar

Qarib qolgan otasiga qo‘l ko‘targan farzandlar haqida keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha videolar tarqaldi. Ojiz ahvoldagi inson, ayniqsa otaning o‘z bolasi tomonidan tahqirlanishi odamlarning nafratiga sazovor bo‘ldi, albatta.

Jamoatchilik fikrlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiboridan chetda qolmadi. Zarur choralar ko‘rilib, nodon farzandlarga ma’muriy choralar ham ko‘rildi.

Biroq, o‘z ota-onasining qotiliga aylanayotganlar borligi... Aytsang tiling, aytmasang diling kuyadigan holat. Shunday emasmi?

O‘tgan yilda aynan shunday holatlar sodir bo‘lgan: Andijon viloyati Izboskan tumanida biron joyda ishlamaydigan, ichkilikka ruju qo‘ygan fuqaro K. uyida mast holda nogiron otasi va onasi bilan janjallashib, ularni shafqatsizlarcha o‘ldirgan. Samarqand shahrida esa fuqaro YU. otasi mast holda nabirasini so‘kkanligi uchun u bilan janjallashgan va pichoqlab o‘ldirgan.

Essiz, o‘z bolasining qo‘lida ajal topgan ota-onalar. Ular shu maqsadda farzand o‘sdirganmidi?

Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ana shunday holatlar tilga olindi.

Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev qotillik jinoyatlari aksariyat hollarda oila-turmush va oddiy maishiy munosabatlar tufayli kelib chiqqayotganini ta’kidladi. Bunday toifadagi jinoyatlarning 28 foizi er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘illar o‘rtasida yuz bergan.

Bunga esa qarindosh-urug‘lar yoki qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizo va kelishmovchiliklar to‘liq bartaraf etilmayotgani, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi kamchiliklar ham sabab bo‘lmoqda.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligiga doir masalalar muhokama qilinar ekan, 2019 yilda jinoyatlar soni Buxoro, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yuqoriligicha qolgani qayd etildi.

Xususan, qotillik jinoyati Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ko‘paygan. Profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida 51 ta tuman va shaharlarda qotillik jinoyati ko‘paygan.

Og‘ir shikast yetkazish Qashqadaryoda, nomusga tegish Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda, bosqinchilik Sirdaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida sezilarli oshgan.

Kiritildi: 21:34 22.02.2020. O'qildi: 5120 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!