Bugun 12 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

Osteomiyelit qanday og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi?

A A A
Osteomiyelit qanday og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi?

Infeksiyalar hatto suyak to‘qimalarini ham zararlashga qodir. Bunday holatda butun tanamizni ko‘tarib turgan, qaddimizni tik tutuvchi mustahkam tayanch-harakat a’zolari o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarolmay qolishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov bilan shunday kasalliklardan biri — osteomiyelit alomatlari, diagnostika va davolash usullari hamda asoratlari haqida suhbatlashdik.

— Osteomiyelit — ko‘mikning yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik, — deydi mutaxassis. — Uni sodda qilib suyakning yiringli shamollashi, deb ham atasa bo‘ladi. Ushbu xastalik ko‘pincha odam skeleti g‘ovak suyaklarining bo‘g‘imga yaqin joyida uchraydi. Bunga yiring hosil qiluvchi mikroblar, masalan, stafilokokk, streptokokk sabab bo‘ladi.

Infeksiyalar suyak to‘qimasiga uzoqdagi yiring o‘chog‘i, xususan, chipqon, anginada yallig‘langan murtak bezlaridan, yangi tug‘ilgan bolalarda infeksiya tushgan kindikdan qon oqimi bilan kelishi mumkin. Yallig‘lanish sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo bo‘ladi.

Qolaversa, odam sovuqda uzoq vaqt qolib ketsa, jarrohlik operasiyasi jarayonida suyak to‘qimalariga infeksiya tushsa, bundan tashqari, jarohatlar o‘z vaqtida davolamanmasa, bu dardga yo‘liqish ehtimoli katta.

Xastalikning o‘tkir va surunkali turlari bor. O‘tkir gematogen osteomiyelit odatda 8-17 yoshda ro‘y beradi. U ko‘pincha badan sovqotganda yoki lat yeganda to‘satdan boshlanadi.

Bemor junjikib, harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi, pulsi tezlashadi, ko‘z oldi qorong‘ilashib, uxlay olmaydi, alahlaydi. So‘ngra yallig‘langan suyak og‘riydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda esa harorat pasayib, bemorning ahvoli yaxshilanadi.

Osteomiyelit oqibatida yiringli artrit rivojlanishi, suyak sinishi, sepsis paydo bo‘lishi ham amaliyotda kuzatiladi.

Shu bilan birga, osteomiyelit tez-tez qaytalanuvchi xastalikdir. Bu jarayonda asoratlar odam tanasining butun a’zolariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Oqibatda bo‘g‘imlar, asab tizimi, qon tomirlari, yurak, buyrak, jigar va boshqa yumshoq to‘qimalarda o‘zgarishlar yuzaga keladi.

Jumladan, osteomiyelitga uchragan naysimon suyaklarda patalogik sinish, suyak to‘qimasining chirishi, o‘sishdan to‘xtashi kabi holatlar shakllanishi mumkin.

‼️ Agar bemor kasallik boshlanganini darhol sezib, vaqtida davolansa, asoratlarsiz sog‘ayib ketadi. Ammo suyak yemirilib, yiringlash qonga tarqalgan bo‘lsa, sezilarli asoratlar qoladi.

Kiritildi: 10:13 17.12.2022. O'qildi: 6351 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!