Vengriya bosh vaziri Viktor Orban "ukrain kiberfiribgarlari"ni xakerlik hujumlarini faollashtirishda va Vengriya fuqarolarining mablag‘larini o‘g‘irlashda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda mamlakatda ukrainalik kiberhujumlar bilan bog‘liq bank firibgarliklari soni sezilarli darajada oshgan.
"Bitta tugmani ehtiyotsiz bosishning o‘zi kifoya - va oilaviy jamg‘armalar yo‘qoladi. Yiliga bunday jinoyatlardan ko‘rilgan zarar 8 milliard forintga yetadi," - dedi Orban Facebook’da e’lon qilingan videomurojaatida.
Hukumat rahbari, shuningdek, yaqinda kiberfiribgarlik bilan shug‘ullangan Ukraina uyushgan jinoyatchiligiga aloqador 19 kishidan iborat jinoiy guruh fosh etilganini eslatdi. Orbanning aytishicha, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan hukumat yig‘ilishida "ukrainalik xakerlar va firibgarlarga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilinadi."