Bugun 17 may, 2026 yil, yakshanba

КИР

Oqbo‘yra aholi punktiga yaqin hududda kon portlatish ishlari bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi

Oqbo‘yra aholi punktiga yaqin hududda kon portlatish ishlari bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand tumanidagi "Oqbo‘yra" turizm qishlog‘ida joriy yilning 15 aprel kuni amalga oshirilgan tog‘-portlatish ishlari oqibatida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgan, aholi yashash uylariga zarar yetgan.

Xususan, xonadonlarning tom qismiga toshlar kelib tushib, devorlarda yoriqlar hosil bo‘lgan, eshik-rom va oynalar shikastlangan. Achinarlisi esa aholining katta qismi portlatish ishlaridan oldin rasmiy ravishda ogohlantirilmagan. Afsuski, bu muammo bugun paydo bo‘lgani yo‘q, oldingi yillarda ham kon portlatish ishlari tegishli texnik talab va qoidalarga rioya etilmagan holda amalga oshirilganligi aholi tomonidan bir necha bor aytib kelingan. Bu esa muammo tizimli ekanligini ko‘rsatadi.

Holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Botirali Shodiyev tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islamovga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Deputatlik so‘rovida nazorat ishlarini kuchaytirish, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aniq savollar qo‘yilgan.

Xususan, - kon portlatish ishlarida xavfsizlikni ta’minlash ustidan qanday nazorat ishlari amalga oshirilganligi yuzasidan;

- portlatish ishlari qoidalari va texnik reglament talablariga rioya etilganlik holati bo‘yicha;

- fuqarolar mol-mulkiga yetkazilgan zararni aniqlash hamda uni qoplab berish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida;

- mazkur manzildagi kon portlatish ishlarini qonunchilikka muvofiq to‘xtatish masalasi yuzasidan;

- kelgusida bunday holatlarning oldini olish, kon portlatish texnologiyasini yanada takomillashtirish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotganligi haqida asoslantirilgan ma’lumot berish so‘ralgan.

Kiritildi: Bugun 15:35. O'qildi: 200 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!