AQSh prezidenti Donald Tramp zarurat tug‘ilganda harbiy choralardan, jumladan, Eronda ham foydalanishdan qo‘rqmaydi.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt jurnalistlarga ma’lum qildi.
«Menimcha, prezident Tramp bir narsadan yaxshi: u har doim barcha imkoniyatlarni tayyorlab turadi, va aviahujumlar — ko‘rib chiqilayotgan ko‘plab variantlardan biri», — dedi Levitt.
Shu bilan birga, u ta’kidlaganicha, «diplomatiya Tramp uchun doim birinchi o‘rinda turishi kerak».
Levitt qo‘shimcha qilib shunga e’tibor qaratdiki, ommaga rasmiy Tehron tomonidan berilayotgan ma’lumot Vashington ma’muriyatining shaxsiy kanallari orqali oladigan ma’lumotidan keskin farq qiladi.
«Prezident zarurat tug‘ilganda harbiy choralardan foydalanishdan qo‘rqmaydi, va buni Erondan boshqa hech kim yaxshi bilmaydi», — dedi Oq uy vakili.
Shu bilan birga, AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi Sky Newsga ma’lum qildiki, ikki davlat hozirda Eronga qarshi hujum rejalarini qo‘llab-quvvatlamaydi: «Menimcha, hozir AQSh yoki Isroil Eron ishlariga aralashish rejalarini tuzmayapti. Nima bo‘lishini bilmayman», — dedi Xakabi.