Jo Bayden ma’muriyati Donald Trampning Oq uyga qaytishi arafasida Kremlga bosimni kuchaytirish uchun Rossiya neft eksportiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg 11 dekabr, chorshanba kuni yozmoqda.
Ehtimoliy yangi cheklovlar tafsilotlari hali ishlab chiqilmoqda, biroq jarayon bilan tanish bo‘lgan bir necha manba Bloomberg agentligiga aytganidek, sanksiyalar Rossiya Federasiyasidan neft eksportining bir necha turlariga ta’sir qilishi mumkin. Agentlik qayd etishicha, Bayden ma’muriyati, ayniqsa, prezidentlik saylovlari arafasida energiya narxi oshishidan qo‘rqib, bu qadam bo‘yicha uzoq vaqt ikkilangan. Biroq, neft narxining tushishi va Tramp Ukrainani Rossiya Federasiyasiga yon bosishga majburlashi mumkinligidan xavotir kuchayib borayotgan bir paytda, Bayden ma’muriyati «endi yanada qat’iyroq harakatlarga tayyor», dedi Bloomberg manbalari.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Oq uy soyadagi flotga qaratilgan yangi sanksiyalarni joriy etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda, uning yordamida Moskva Rossiya neftiga nisbatan narx chegarasini chetlab o‘tadi. Qayd etilishicha, yaqin haftalarda yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin, bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi va Moliya vazirligi vakillari izoh berishdan bosh tortdi, deb yozadi Bloomberg.