Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi:
Xabaringiz bor, 24 yanvardan boshlab Koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida respublikamizning barcha maktablarida ta’lim jarayoni bir oy muddatga “Onlayn”, ya’ni masofaviy shaklga o‘tkazildi.
Markaziy Osiyo bo‘ylab 25 yanvar kuni yuzaga kelgan «blekaut» sababli ko‘plab IT-kompaniyalar va uyali aloqa operatorlari ish faoliyatida uzilishlar yuzaga keldi. Afsuski, bu jarayon Kundalik platformasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.
Savol: Onlayn ta’lim jarayonida farzandlarimning Kundalik.com tizimiga uyga vazifalarini yuklashida muammolar yuzaga kelmoqda, vaqtida yuklanmagani uy vazifa uchun esa o‘qituvchilar tomonidan baholar pasaytirilmoqda. Shu muammoning yechimi bormi?
Javob: Dastlab aytish joizki, Xalq ta’limi vazirligi ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda o‘qituvchi va ota-onalarga qulaylik tug‘dirish maqsadida masofaviy ta’lim davri yakuniga qadar elektron Kundalik platformasi bilan bog‘liq bir qator cheklov va talablarni bekor qilmoqda.
Yuqoridagi savolga qaytadigan bo‘lsak, endilikda o‘qituvchilar uyga vazifalarni o‘quvchi va ota-onalar bilan kelishgan holda Kundalik.com tizimi yoki istalgan boshqa ijtimoiy tarmoq va messenjerlar yordamida qabul qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz. Bunda televideniye orqali efirga uzatilayotgan fanlar doirasida o‘qituvchilar tomonidan berilayotgan uyga vazifalar “Onlayn-maktab” televizion dasturi orqali efirga uzatilayotgan darslariga mos bo‘lishi lozim.
Uyga vazifa topshirilgandan keyin o‘qituvchilar tomonidan ularni baholash va qo‘yilgan baholarni Kundalik.com tizimiga yoki Kundalik.com joriy qilinmagan maktablarda bosma shakldagi sinf jurnallariga qo‘yish uchun 5 (besh) kun muddat beriladi.