Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Hazorasp tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “H.P.” ishlab chiqarish kooperativi mas’ul shaxslari ekin yer maydonidagi suv nasosi va boshqa jihozlarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 504,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Chinoz tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.A. “Yaxshiniyat” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 150,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Oltiariq va Bag‘dod tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “S.Sh” hamda “X.R.” fermer xo‘jaliklari rahbarlari N.M. va R.X. tijorat maqsadida suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 157,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.