Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Olingan mulk uchun ekvivalent ish bajarilgan bo‘lsa, qilmishni rastrata sifatida kvalifikasiya qilib bo‘lmaydi

Olingan mulk uchun ekvivalent ish bajarilgan bo‘lsa, qilmishni rastrata sifatida kvalifikasiya qilib bo‘lmaydi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2015 yil 21 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, D. O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismining “b,v,g” bandlari bilan aybli deb topilib, JKning 59-moddasi tartibida 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, D. 2010 yil 03 yanvardan shu kunga qadar Buxoro shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli o‘rta umumta’lim maktabida xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelib, mansab mavqeini suiiste’mol qilib, maktab diretori F. va maktab xazinachisi V. bilan yubdjet mablag‘larini o‘zlashtirishda o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, qorovul vasifasida rasmiylashtirilgan fuqaroga 2011 yil avgust oyidan 2013 yil noyabr oyiga qadar “elektrik” va yana bir fuqaroga 2011 yil mart oyidan 2015 yil yanvar oyiga qadar “ishchi, elektrik” vazifalarini yuklash to‘g‘risidagi bildirgisiga asosan ularning murojaatisiz buyruq rasmiylashtirib, mazkur vazifada haqiqatda ishlamagan bo‘lishsada, ishlaganligi to‘g‘risida tabellarga har oy takroran soxta yozuvlar kiritib, maktab xazinachisi tomonidan ish haqi tarqatilayotganida “ishchi, elektrik” uchun hisoblangan mablag‘larni tarqatmasdan ushlab qolinishiga, to‘lov qaydnomalarida fuqaroning imzosi soxtalashtirilishiga erishib, uning mehnat daftarchasiga ishlayotganligi to‘g‘risida soxta yozuvlar kiritib, asossiz mehnat stajiga ega bo‘lishini hamda soliq va pensiya fondiga har oylik ish haqi ajratmalarining ko‘chirilishini ta’minlab, jami 7.116.470 so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. 

JPKning 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozimligi kursatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli qarorining 4-bandida, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi qayd etilgan.

Biroq, birinchi bosqich sudi tomonidan D.ga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilinmagan.

Jumladan, sudlanuvchilar F. va D.lar dastlabki tergov va sudda bergan ko‘rsatuvlarida maktabda 0,5 stavkada elektrik shtati mavjud bo‘lib, ushbu shtatda oylik maosh kamligi sababli, doimiy ishlash uchun elektriklar topilmaganligi natijasida, og‘zaki kelishuv va roziligi asosida maktab qorovullariga yuqoridagi elektrik vazifasi qo‘shimcha ravishda buyruq asosida rasmiylashtirilgan bo‘lsada, lekin elektrik ishlarini ushbu davrda ular umuman bajarmasdan, fuqaro U. maktabdagi elektrik vazifasini to‘liq bajarib kelganligi sababli, qorovullarga  0,5 stavka elektrik vazifasi uchun hisoblangan oylik maoshlari bevosita ishni bajargan maktab xazinachisi tomonidan bevosita elektrik ishini haqiqatda bajargan  U.ga berilganligi, bundan tashqari maktabda qorovul vazifasida ishlagan S.ni o‘rniga ayrim kunlarda A. turganligi va S. qorovul vazifasida ishlagani vazifasidan ozod qilinganlik haqidagi buyruqlari asosida S.ning mehnat daftarchasi to‘ldirilib tasdiqlab berilganini ko‘rsatganlar.

F. va D.ning ushbu ko‘rsatuvlarini dastlabki tergov va sudda so‘roq qilingan guvohlar ham to‘liq tasdiqlashgan.

Qonunning mazmuniga ko‘ra, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish jinoyati ham talon-toroj jinoyat turlaridan biri sifatida o‘zganing mulkini egallashga qaratilishi lozim. Olingan mulk uchun ekvivalent pul to‘langan, xizmat ko‘rsatilgan, ish bajarilgan bo‘lsa, garchi mulkni olishda ba’zi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda ham qilmishni rastrata sifatida kvalifikasiya qilib bo‘lmaydi.

Jinoyat ishi bo‘yicha, F. va D.lar tomonidan elektrik vazifasida ishlamagan deb hisoblangan S. va A.ga 2011 yildan 2015 yilning 01 yanvarigacha jami 7.116.470 so‘m pullar to‘lab berilganligi tasdiqlangan bo‘lsada, fuqaro U.ning maktabdagi elektrik vazifasini to‘liq bajarib kelganligi, ya’ni to‘langan oylik ish haqiga mutanosib ravishda ish hajmi bajarilganligi ham isbotlangan.

O‘z navbatida, dastlabki tergov va birinchi instansiya sudi tomonidan, S.Raximov va A.To‘layevlarga qayd etilgan davrlarda elektrik vazifasi uchun hisoblab to‘langan oylik ish haqlari haqidagi buxgalteriya hujjatlari tekshirilmasdan va unga baho berilmasdan, olingan oylik maoshlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

Jumladan, yuqoridagi holatda S. va A.ga qayd etilgan davrlarda byudjet oldi soliq va boshqa majburiy to‘lovlar chegirilgandan so‘ng qo‘llariga to‘langan jami oylik ish haqqi summasi 3.802.143 so‘mni tashkil etganligi va bunday holda ushbu summa 2015 yilning 01 sentyabr holatida eng kam oylik ish haqi 130.240 so‘mni tashkil etishini inobatga olgan holda sudlanuvchi D.ning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligiga baho berilmagan.

Vaholanki, JPKning 26-moddasida sud faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanib hukm chiqarishi, 486-moddasida esa sudning hukmida bayon etilgan xulosalarda jiddiy ziddiyatlar mavjud bo‘lib, ular sudlanuvchining aybliligi  masalasini hal qilishga, Jinoyat kodeksi normalarini to‘g‘ri qo‘llashga yoki jazo chorasini belgilashga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, hukm jinoyat ishining haqiqiy holatlariga muvofik emas deb e’tirof etilishi ko‘rsatilgan.

Bayon qilinganlarga asosan, sudlov hay’atining ajrimi bilan, D.ning  harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismining “b,v,g” bandlari va 209-moddasi 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, unga oid jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan tugatilib, aybsiz deb topilib, oqlandi.

KSH-№4-03/10-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Buxoro viloyat sudining
sudyasi S.Nayimov

Kiritildi: 15:28 25.11.2019. O'qildi: 1255 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!